Islom Ismoilov: "Bunday xatoni murabbiy sifatida o'zim ham kechira olmayman"

  • Mr.NoBoDy 03.11.2026 00:24
  • 612
  • 30

"Traktor" hamda "Neftchi" o'rtasidagi Osiyo Elit Chempionlar ligasining 4-tur bahsidan (2:2) so'ng farg'onaliklar ustozi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqidagi fikrlaringiz?
– Bu juda alamli mag'lubiyat bo'ldi. Ikkinchi marta o'yin so'ngida mana shunday alamli gol o'tkazib yuboryapmiz. Uchrashuv oxirida yo'l qo'yilgan bu xato, umuman olganda, tushunarsiz holat bo'ldi. Futbolchimiz oddiy vaziyatda, o'yin davom etayotgan bir paytda nimani ko'rsatmoqchi bo'lganiga hayronman. G'alaba qozonishimiz mumkin bo'lgan o'yinda, yana oddiy vaziyatda so'nggi daqiqalarda gol o'tkazib yubordik. Shu sababli, bugun ikki ochkoni boy berdik, deb hisoblayman.

– O'yindan qoniqish hosil qilmaganingiz ko'rinib turibdi.
– Albatta, bugungi bahsdan umuman ko'nglim to'lgani yo'q. Boisi, oddiy vaziyatlarda ikkita gol o'tkazib yubordik. O'yin davomida to'liq ustunlik qildik, juda ko'p xavfli vaziyatlar yaratdik. Raqib esa o'ziga berilgan ikkita imkoniyatdan unumli foydalanib ketdi. Bu juda og'ir va alamli holat. Chunki mazkur o'yin uchun katta mehnat qilgan edik. Bugun futbolchilar maydonda katta hajmdagi ishni bajarishdi. Ammo, ming afsuski, arzimagan xato sabab so'nggi daqiqalarda yana gol o'tkazib yubordik. Bugungi uchrashuvda mag'lubiyatga mutlaqo loyiq emasdik. Hozir his-tuyg'ularimni ifodalab berishim qiyin. Bu vaziyatni murabbiy sifatida o'zim ham kechira olmayman. Bugun g'alabani qo'ldan boy berdik. Bu juda achinarli va afsuslanarli holat.

Ўхшаш янгиликлар