Messi 937-golidan keyin: «Rekordlar meni qiziqtirmaydi»

  • Mr.NoBoDy 02.11.2026 17:11
  • 175
  • 30

«Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi professional faoliyatidagi gollari soni 937 taga yetganiga munosabat bildirdi.

39 yoshli argentinalik yulduz MLS muntazam chempionati doirasida «Nyu-Inglend Revolyushn»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda (2:1) raqib darvozasini ishg‘ol qilib, ushbu ko‘rsatkichga erishdi.

O‘yin yakunlanganidan keyin Messidan faoliyatidagi gollari soni va 1000 ta gollik marrani zabt etish niyati haqida so‘rashdi.

«Faoliyatimdagi 937-golni urdimmi? Voy, rostdanmi? 1000 ta gol urishga intilayapmanmi? Yo‘q, men hech qanday natija ortidan quvmayapman. Doim aytganman, rekordlar meni qiziqtirmaydi. Men shunchaki futbol o‘ynashdan zavq olishni istayman», — dedi argentinalik futbolchi.

Joriy mavsumda Messi «Inter Mayami» tarkibida 33 ta uchrashuv o‘tkazib, 29 ta gol urdi va 16 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Eslatib o‘tamiz, Lionel Messining Amerika klubi bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil oxiriga qadar mo‘ljallangan.

Ўхшаш янгиликлар