Anvar G'ofurov: "Kattaroq maqsadlarni ko'zlamoqchi bo'lsak, yaxshiroq selekciya kerak"

  • Mr.NoBoDy 01.11.2026 00:48
  • 398
  • 30

Superliga 26-turidan o'rin olgan "Surxon" - "Nasaf" uchrashuvidan so'ng (1:1) mezbonlar ustozi Anvar G'ofurov o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Juda yaxshi jamoaga qarshi o'yin o'tkazdik. Og'ir o'yin bo'ldi, lekin yaxshi futbol ko'rdik. Har ikkala jamoa g'alaba uchun harakat qildi, hech kim orqaga chekingani yo'q. "Nasaf"ning juda kuchli va shakllangan jamoa ekanini tan olish kerak. Bu yangilik emas, ularning yaxshi murabbiyi va tarkibi bor. Biz ham kurashdik, har bir bahsga raqibdan qati nazar faqat g'alaba uchun chiqamiz. Bugun jangovor durang bo'ldi. Ikki jamoa ham mazmunli o'yin ko'rsatdi va mag'lub bo'lishga loyiq emasdi", - deya gap boshladi Anvar G'ofurov.

- "Surxon" oxirgi turlarda g'alaba qozona olmayapti, lekin yutqazmayapti ham. Yosh jamoaga g'alabani o'z tomoniga og'dirish uchun nima yetishmayapti?

- Yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanish kerak. Vaziyatlar bo'lyapti, agar ulardan gol ura olganimizda natija boshqacha bo'lardi. Lekin kimgadir jiddiy etiroz bildirish qiyin, bu - futbol. Hech kim ataylab gol urmay qolmaydi. Tan olish kerak, bu yilgi tajribadan xulosa chiqarib, kelasi mavsumga tayyorgarlik ko'rishimiz zarur.

- "Surxon" oldiga aniq vazifa qo'yilgan taqdirda umuman boshqa darajadagi jamoaga aylanishi mumkinmi? Jamoaning haqiqiy kuchi qachon to'liq namoyon bo'ladi?

- To'g'ri aytyapsiz, tarkibda yoshlar ko'p, ular endi o'z yo'lini bosib o'tmoqda. Agar kattaroq maqsadlarni ko'zlaydigan bo'lsak, albatta yaxshi selekciya kerak bo'ladi. Bizda hozir asosiy muammo - sof hujumchi masalasi. Misol uchun, birinchi davrada ko'p gol urgan Chinedu boshqa jamoaga o'tib ketdi. Masalan, Turnike aslida hujumchi emas. Majburlikdan uni oldingi chiziqqa qo'ydik. U o'z vazifasini bajaryapti, lekin sof forvard baribir zarur. Yigitlarga katta rahmat, shuningdek, Surxondaryodan kelib bizni qo'llab-quvvatlagan muxlislarimizga ham minnatdorchilik bildiraman. Kelasi mavsumda muxlislarimizni yanada xursand qilishga harakat qilamiz.

Ўхшаш янгиликлар