
Braziliya chempionatining 32-turidan o‘rin olgan «Santos» va «Baiya» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda (1:1) «Santos» hujumchisi Neymar maydondan chetlatildi.
«Barselona»ning sobiq futbolchisi «Baiya» vakili Rodrigo Nestor bilan gaplashayotganda og‘zini kaft bilan to‘sib olgan. Nestor bu holatdan norozi bo‘lib, hakamga shikoyat qilgan. Natijada Neymar maydondan chetlatilgan. Qayd etilishicha, futbol maydonida og‘izni to‘sgan holda shu tarzda muloqot qilish taqiqlangan.
Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi. 39-daqiqada Juba «Baiya»ni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 46-daqiqada Neymar maydondan chetlatildi. 90+3-daqiqada Peres «Santos»ga durangni taqdim etdi.
Uchrashuvdan keyin Neymar yuz bergan voqea haqida o‘z fikrini bildirdi.
«Nestorning bugun menga nisbatan qilgan ishini juda jiddiy deb hisoblayman. Nima uchun? Chunki bu irqchilikka qarshi kurashish uchun yaratilgan qonun. U esa men og‘zimni qo‘lim bilan to‘sganimdan foydalanib, hatto unga hech narsa demagan bo‘lsam ham, vaziyatdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga qaror qildi.
Albatta, biz bir-birimizni haqorat qildik, o‘zaro kesatiqlar qildik. Bu futbolning bir qismi va odatiy holat. Ammo uning qilgan ishi juda jiddiy.
Agar bu irqchilikka qarshi kurashish uchun yaratilgan qonun bo‘lsa, u qanday qilib bunday ishga qo‘l urishi mumkin? Bu aqlga sig‘maydi. Yuz bergan voqeadan juda xafaman, chunki bu juda pastkashlik bo‘ldi», — deya Neymarning so‘zlarini keltiradi UOL nashri.