
Osiyo futbol konfederasiyasi (OFK) Janni Infantinoning FIFA prezidentligiga qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.
Bu haqda OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa Tokioda bo‘lib o‘tgan tashkilotning navbatdan tashqari kongressida ma’lum qildi.
«Siz FIFA prezidenti sifatida yangi vakolat muddatini qo‘lga kiritishga intilayotgan bir paytda, biz sizni va rahbarligingizni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga sodiq ekanimizni yana bir bor tasdiqlaymiz», — dedi Shayx Salmon.
Shu bilan birga, OFK rahbari konfederasiyaga a’zo barcha milliy assosiasiyalar ham Infantino nomzodini qo‘llab-quvvatlashiga kafolat yo‘qligini tan oldi. Biroq uning ta’kidlashicha, tashkilot a’zolarining aksariyati mazkur pozisiyani ma’qullamoqda.
Shayx Salmon, shuningdek, tomonlarni o‘tmishdagi kelishmovchiliklarni ortda qoldirib, hamkorlikni davom ettirishga chaqirdi. O‘z navbatida, Infantino ham avval yo‘l qo‘yilgan xatolarni e’tirof etib, o‘tmish tajribasidan to‘g‘ri xulosa chiqarish muhimligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, FIFA prezidentligiga saylov 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tadi. Nomzodlar o‘z arizalarini 18 noyabrga qadar taqdim etishlari kerak.
Kongress davomida Janni Infantino milliy futbol assosiasiyalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi rejalar haqida ham ma’lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab har bir milliy futbol assosiasiyasi to‘rt yilda bir marta 25 million dollar miqdorida mablag‘ oladi.
Infantino FIFA prezidenti lavozimini egallashidan avval ushbu ko‘rsatkich 1 million dollarni tashkil etgan.