
FIFA 2030 yilgi jahon chempionati o‘yinlarini AQSH va Puerto-Riko hududida televideniye hamda striming platformalari orqali namoyish etish huquqlarini sotish bo‘yicha tender jarayonini boshladi.
Tender shartlariga ko‘ra, ishtirokchilar 2034 yilgi jahon chempionatining translyasiya huquqlarini ham qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xalqaro futbol tashkiloti ushbu jarayon orqali har ikki hududda mundial uchrashuvlarini yuqori sifatda va keng qamrovda yoritishga qodir kompaniyalarni tanlashni maqsad qilgan.
Bunda zamonaviy translyasiya texnologiyalaridan foydalanish, innovasion tomosha usullari orqali keng auditoriyani jalb etish hamda futbol rivoji uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tenderda ishtirok etish uchun arizalar 19 noyabrga qadar qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2030 yilgi jahon chempionatiga Marokash, Portugaliya va Ispaniya mezbonlik qiladi. Shuningdek, ilk mundial o‘tkazilganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan Argentina, Paragvay va Urugvayda ham bittadan uchrashuv tashkil etiladi.
2034 yilgi jahon chempionati esa Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.
Qayd etish joiz, 2026 yil yozida AQSH, Meksika va Kanada mezbonligida o‘tkazilgan mundial Amerika hududida katta tomoshabinlar auditoriyasini to‘plagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda televizion va striming platformalari orqali har bir uchrashuvni o‘rtacha 13,5 million kishi kuzatgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yil Qatarda o‘tkazilgan jahon chempionatiga nisbatan 166 foizga yuqori bo‘lgan.
AQSH terma jamoasi ishtirokidagi har bir o‘yinni 20 milliondan ortiq muxlis tomosha qilgan.
Mundial finali esa AQSHda o‘rtacha 63 million tomoshabinni jalb etib, mamlakat tarixida eng ko‘p ko‘rilgan futbol uchrashuviga aylangan.