
FIFA Qit’alararo kubogining 2026 yilgi finali 16 dekabr kuni Qatarning Er-Rayyan shahridagi "Ahmad bin Ali" stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Fransiyaning "Pari Sen-Jermen" klubi rasmiy sayti xabar berdi.
Finalda Chempionlar ligasi g‘olibi va amaldagi Qit’alararo kubok sohibi "Pari Sen-Jermen" Challenger Cup musobaqasida g‘olib chiqqan jamoaga qarshi maydonga tushadi.
Ushbu musobaqada Meksikaning "Deportivo Toluka" klubi (KONKAKAF Chempionlar kubogi g‘olibi) va Janubiy Afrikaning "Mamelodi Sandaunz" jamoasi (Afrika chempioni) ishtirok etadi. Musobaqaning so‘nggi ishtirokchisi 2026 yilgi Libertadores kubogi g‘olibi bo‘ladi.
2025 yilda "PSJ" Qit’alararo kubokni qo‘lga kiritgan edi. Parijliklar finalda Braziliyaning "Flamengo" klubini asosiy vaqtda 1:1 hisobida durang o‘ynab, penaltilar seriyasida 2:1 hisobida mag‘lub etishgan.