iks
ads

Sergey Lushchan: "Pul bo'lmasa kuz-bahorga o'tamizmi, bahor-bahorgami, farqi yo'q"

  • Mr.NoBoDy 22.10.2026 22:24
  • 732
  • 30

Superliganing 25-turi doirasida "Bunyodkor" - "Mashal" (2:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida "Mashal" ustozi Sergey Lushchan o'z fikrlarini bildirdi.

- Odatdagidek. To'g'ri, siz eng muhim so'zni aytdingiz - odatdagidek. Yana 2:1 hisobida mag'lub bo'ldik. "Bunyodkor"ni g'alaba bilan tabriklayman. Bo'lishi kerak bo'lgan natija qayd etildi. Qo'shimcha qiladigan gapim yo'q. Matbuot anjumaniga kelyapman-u, nima haqida gapirishni ham bilmayapman. Hammasi avvalgidek.

- Bugun "Mashal"ning imkoniyatlarini ko'rib turibmiz. Jamoada yosh futbolchilar maydonga tushyapti. Ular siz istagan darajaga asta-sekin yaqinlashyaptimi? Albatta, ulardan darhol yuqori natija kutish qiyin. Shunga qaramay, yosh futbolchilarning harakatlarida o'zgarish sezyapsizmi?

- Ha, o'zgarish juda katta, ayniqsa, yosh futbolchilarda. Ularning ko'pchiligi uchun bu birinchi jiddiy tajriba. Ular asosan yoshlar jamoasida o'ynashadi. Masalan, bugun Abdulazizovni maydonga tushirdik. U aslida U-19 jamoasida o'ynaydi. Unga o'zini ko'rsatish va sinab ko'rish uchun imkoniyat berdik.

Biz ularni kuzatyapmiz: o'zlarini qanday namoyon qilishyapti, ruhiy jihatdan qanchalik barqaror? Mashg'ulotlarda ularning intizomi yaxshi, salohiyatlari ham yuqori. Ammo oliy ligadagi rasmiy o'yinda maydonga tushish butunlay boshqa mas'uliyatni yuklaydi.

Shuning uchun ularni kuzatishda davom etyapmiz. Biz allaqachon kelasi mavsumga tayyorgarlikni boshlaganmiz. Mavsum oxirigacha jamoaning asosini shakllantirib olishimiz kerak. Shunda mavsumlar oralig'ida qaysi poziciyalarni kuchaytirish va qaysi futbolchilarni taklif qilish kerakligini aniq belgilay olamiz.

Albatta, jamoani kuchaytirishimiz kerak bo'ladi. Umuman olganda, yosh futbolchilarning harakatlaridan mamnunman. Ular harakat qilishyapti: kimdir yaxshiroq, kimdir hali kamchiliklarga ega. Masalan, bugun Jovliev o'zini kutilgan darajada ko'rsata olmadi. Lekin u harakat qilyapti, yaxshi bola. Menimcha, uning kelajagi porloq. U hali atigi 18 yoshda. Boshqa yigitlar ham yomon emas. Biz kelasi mavsumga tayyorgarlik ko'ryapmiz va hozirgi jarayondan, umuman olganda, mamnunman.

- Bugun, ma'lum manoda, o'zaro o'xshash jamoalar maydonga tushdi. "Bunyodkor"da ham, "Mashal"da ham yosh futbolchilar ko'p. Har ikki klubning ham akademiyasi bor.

Biroq "Bunyodkor" akademiyasining imkoniyatlari haqida gapirganda, klub hozir katta qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganini ham hisobga olish kerak. Tabiiyki, bu akademiya faoliyatiga ham ta’sir qiladi. Kecha yigitlar bilan gaplashdik. Men klubdagi vaziyatni doim kuzatib boraman. Shunga qaramay, "Bunyodkor" akademiyasi men uchun hamon O'zbekistondagi eng yaxshi akademiyalardan biri bo'lib qoladi. Chunki bu yerda bir vaqtlar ish jarayoni juda yaxshi yo'lga qo'yilgan edi. Hozir esa vaziyatning barcha tafsilotlarini bilmayman. "Mashal" va "Bunyodkor"ni taqqoslaydigan bo'lsak, selekciya imkoniyatlari, albatta, "Bunyodkor"da kuchliroq. Ikkinchidan, "Bunyodkor" akademiyasi ko'proq futbolchilarni tanlab olish va ular bilan ishlash imkoniyatiga ega. "Mashal"ning imkoniyatlari esa ancha cheklangan. Futbolchilarning sifat jihatidan tayyorgarligida ham muayyan farq bor. Agar moliyalashtirish bo'yicha teng sharoit yaratilganida, vaziyat boshqacha bo'lishi mumkin edi. Ammo hozir bunday emas. Ochig'ini aytsam, bugungi vaziyat meni jiddiy xavotirga solyapti. O'yindan oldin ham mutaxassislar bilan shu haqda gaplashdik. Hamma kelajakda nima bo'lishini o'ylayapti. Agar klublarni moliyalashtirish bilan bog'liq muammolar shu tarzda davom etsa, akademiyalar taqdiri nima bo'ladi? Ular qanday rivojlanadi? Axir akademiyalar - butun futbol tizimining asosi. Agar kelasi yili Pro ligani moliyalashtirish bilan bog'liq muammolar hal etilmasa, nima bo'ladi? Milliy terma jamoa uchun futbolchilar qayerdan yetishib chiqadi? Jahon chempionatiga chiqqan terma jamoa ortida 15 yillik mehnat turibdi. Biz bu natijaga bir kunda erishmadik. Agar hozir shu yillar davomida qilingan ishlarni yo'qqa chiqarsak, yana 30 yil terma jamoamizning shunday natijaga erishishini kutishimizga to'g'ri kelmaydimi? Keyingi avlod futbolchilari qayerdan yetishib chiqadi? Mening nazarimda, "Bunyodkor" akademiyasi mamlakat futbolining asosiy tayanchlaridan biri hisoblanadi. Bu akademiya ketma-ket uch yil Osiyoning eng yaxshi akademiyasi deb topilgan edi. Agar hozir shunday akademiyaning faoliyati jiddiy qiyinchiliklarga duch kelib, faqat mavjud imkoniyatlar hisobiga kun ko'rayotgan bo'lsa, futbolimiz kelajagi haqida o'ylamasdan iloj yo'q. Balki biz bilmagan jihatlar bordir, balki qandaydir rejalar amalga oshirilayotgandir. Ammo futbolda 40–50 yildan beri ishlab kelayotgan mutaxassislar ham hozirgi vaziyatni to'liq tushunib eta olmayapti. Endigina ish boshlagan yosh murabbiylar bu jarayonlarni qanday tushunishi mumkin? Shuning uchun menda ham katta savollar bor: bundan keyin nima bo'ladi, futbol tizimi qanday ko'rinish oladi?

- Kelasi mavsumdan boshlab O'zbekiston futboli kuz-baxor tizimiga o'tishi mumkinligi haqida gaplar bor. Hozircha bu tasdiqlanmagan, faqat loyiha sifatida muhokama qilinmoqda. Mutaxassis sifatida bu tashabbusga qanday qaraysiz?

- Menimcha, bu yomon g'oya emas. Nazarimda, bunday o'zgarishlar milliy terma jamoa manfaatlarini ham hisobga olgan holda taklif qilinmoqda. Oldimizda Osiyo o'yinlari va boshqa muhim musobaqalar bor. Masalan, klublarimiz Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etayotganda, ikki oy davomida rasmiy o'yin amaliyotisiz qolib ketishi mumkin. Bunday holatda kuz-baxor tizimiga o'tishning muayyan mantig'i bor. Qolaversa, biz Novosibirsk kabi iqlimi keskin sovuq bo'lgan hududda yashamaymiz. Mamlakatimiz iqlimi bunday tizimda futbol o'ynash imkonini beradi. Agar yangi tizim Osiyo o'yinlari, Chempionlar ligasi va boshqa xalqaro musobaqalar taqvimiga mos kelsa, buning ijobiy jihatlari bo'lishi mumkin. Lekin barcha omillarni chuqur tahlil qilish kerak. Chunki biz hozirgacha bunday tizimda ishlamaganmiz. Masalan, iyul oyidagi jazirama issiq davrida odatda dam olamiz. Agar shu davrda jamoalar xorijda, jumladan, Belarus kabi mamlakatlarda o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazish imkoniga ega bo'lsa, bu ham yaxshi echim bo'lishi mumkin. U erlarda yozgi yig'inlar uchun sharoitlar mos keladi. Shuning uchun bu o'zgarishlar ijobiy natija berishi mumkin, deb o'ylayman. Ammo buni amaliyotda ko'rish kerak.

Albatta, bu masalada mendan ham tajribaliroq mutaxassislar bor. Moliyalashtirishdan tortib, musobaqalar taqvimigacha bo'lgan ko'plab jihatlarni hisobga olish zarur. Lekin menimcha, o'zgarishlardan qo'rqmaslik kerak. Terma jamoamizning Jahon chempionatiga chiqishi ortida 20 yillik mehnat bor. Hozir esa klublarimiz moliyaviy muammolar sababli hatto sifatli legionerlarni taklif qilishda ham qiynalmoqda. Men Rossiyaning "Spartak" klubidagi yigitlar bilan ham doimiy aloqadaman. Ularda ham transfer bozoriga chiqish va sifatli legionerlarni jalb qilish bilan bog'liq muammolar bor. Demak, bu faqat bizga xos holat emas. Agar eng iqtidorli futbolchilarimiz xorijga kyetib, milliy chempionatimizda o'rta darajadagi futbolchilar qolsa, chempionatning umumiy saviyasi pasayadi. Bunday sharoitda milliy terma jamoa faqat xorijda o'ynayotgan futbolchilar hisobiga yuqori natijalarga erisha olmaydi.

Milliy terma jamoaning asosini baribir ichki chempionatda o'ynaydigan futbolchilar tashkil etadi. Agar chempionatimiz o'rta darajada bo'lsa, hatto undan ham pastga tushib ketsa, terma jamoamizning yuqori saviyada bo'lishi juda qiyin. Bu faqat mening fikrim emas. Ko'plab mutaxassislar ham chempionat saviyasi milliy terma jamoa natijalariga bevosita ta’sir qilishini takidlaydi. Hammasi ichki chempionatdan boshlanadi. Biror futbolchimiz "Manchester Siti"da o'ynayotgani uchungina milliy terma jamoamiz avtomatik ravishda kuchli bo'lib qolmaydi. Albatta, bunday futbolchilar o'z mahorati bilan jamoaga yordam berishi mumkin. Ammo terma jamoaning barqarorligi va kuchliligi butun futbol tizimining saviyasiga bog'liq.

- Ko'charovning hozirgi holati qanday? Uning jarohati bo'yicha nima deya olasiz?

- Ko'charovga qo'yilgan tashxisda oldingi xochsimon boylamning qisman uzilishi, menisk va yon boylamning cho'zilishi qayd etilgan edi. Ochig'ini aytsam, men shifokor emasman va tibbiy masalalar bo'yicha mutaxassis hisoblanmayman. Lekin menga ma'lum qilingan tashxisga qaraganda, futbolchi futbolchilikni tugatishi kerakdek tuyuladi. Ammo u bir haftadan keyin yugurishni boshlashi mumkinligi aytilyapti. Shuning uchun menda savollar tug'ilyapti. Balki tashxis qo'yishda qandaydir xatolik bo'lgandir, balki futbolchi tegishli mutaxassisga murojaat qilmagandir. Aniq ayta olmayman. Hozir u haqiqatan ham jarohatlangan. Umid qilamizki, kelasi mavsumga qadar tiklanib, safga qaytadi. Zamonaviy tibbiyot ancha rivojlangan. Masalan, menisk jarohatlarining ayrim turlarida tiklanish jarayoni nisbatan tez kechishi mumkin. Lekin bu jarohatning turi va og'irligiga bog'liq. Bazan futbolchilar shifokorga murojaat qilishadi, ularga operaciya shart emasligi, jarohat o'z-o'zidan tuzalishi mumkinligi aytiladi. Ammo futbolchi mashg'ulotlarga qaytgach, muammo yana takrorlanadi.

Mening shaxsiy fikrim shuki, bunday holatlarda jarohatni aniq tashxislash va tiklanish rejasini to'g'ri belgilash juda muhim. Zarur bo'lsa, operaciya masalasi ham ko'rib chiqilishi kerak. Albatta, bu qarorni mutaxassis shifokor qabul qilishi lozim. Mening o'zim ham oyoqlarimda to'qqiz marta operaciya o'tkazganman. Menisk operaciyasidan keyin bir hafta o'tib, tarkibda o'ynagan paytlarim bo'lgan. Ammo bu har bir futbolchida tiklanish jarayoni bir xil kechadi, degani emas. Oldingi xochsimon boylam yoki Axill payi jarohatlari esa ancha jiddiy bo'lib, tiklanish uchun ko'pincha bir necha oy talab etiladi.

- Akademiyalar haqida ham so'ramoqchi edim. Siz "Bunyodkor" akademiyasi haqida gapirdingiz. "Nasaf" akademiyasi ham yaxshi futbolchilarni yetishtirib chiqaryapti. Ular ketsa, o'rniga boshqalari topilyapti. "Paxtakor"ning ham kuchli akademiyasi bor. "Mashal" tarixida ham ko'plab iqtidorli futbolchilar yetishib chiqqan. O'tgan yili jamoa tarkibini shakllantirganingizni aytdingiz. Hozir esa "Mashal"da avvalgidek iqtidorli futbolchilar ko'rinmayapti. Buning sababi nimada?

- Yana o'sha masalaga kelamiz - moliyalashtirish. To'g'ri tushuning, o'tgan yilni oladigan bo'lsak, o'sha paytdagi rahbarlar ham buni tasdiqlashi mumkin: bosh homiy NBU bo'lgan davrda mablag'lar o'z vaqtida to'lanardi. Akademiya, ovqatlanish va safarlar bilan bog'liq xarajatlarni qoplash imkoniyati bor edi. Muayyan tizim asosida ish olib borilardi. Hozir esa vaziyat butunlay boshqacha. Biz na to'liq selekciya o'tkaza olamiz, na yangi futbolchilarni taklif qila olamiz. Chunki ularni qanday sharoit bilan taminlashimizni ham bilmaymiz. Hozir yoshlar jamoasi, U-19 va asosiy tarkib birgalikda mashg'ulot o'tkazyapti. Futbolchilarni klub bazasiga chaqirib, shu yerda ovqatlanishlarini tashkil etishga harakat qilyapmiz. Vaziyatning qanchalik murakkab ekanini o'zingiz tasavvur qiling. Odamlar ishlashni xohlamay qo'yyapti, maydonlarimiz bilan bog'liq muammolar bor. Bosh direktor maydonlarni sug'orishni tashkil etish uchun ham qiynalyapti, chunki ko'p xodimlar ishdan ketgan. Sababi oddiy - maosh to'lanmayapti.

Klub faqat futbolchilar, murabbiylar va bosh direktordan iborat emas. Bu yerda oshpazlar, haydovchilar va boshqa ko'plab xodimlar ham ishlaydi. Agar ularning maoshi berilmasa, boshqa ish qidirishga majbur bo'ladi. Men bosh murabbiy sifatida avtobus haydab yoki barcha texnik ishlarni bajarib yura olmayman. Aytmoqchi bo'lganim, klubning barqaror faoliyati moliyalashtirishga bog'liq. Mablag' bo'lmasa, klubning ishlashi qiyinlashadi va natijaga erishish ham mushkullashadi.

Albatta, bazan iqtidorli futbolchini tasodifan topib olish mumkin. Lekin akademiya ishi faqat shunga bog'liq emas. Akademiyaning asosiy vazifalaridan biri - tizimli selekciya olib borish. Selekciya bo'limi xodimlari ertalabdan kechgacha viloyatlarni aylanib, iqtidorli futbolchilarni izlashi kerak. Hatto Toshkentning o'zida iqtidorli bolani topgan taqdiringizda ham, uni jamoaga taklif qilishingiz lozim. Buning uchun esa unga munosib sharoit yaratish kerak.

Hozir bizda futbolchilarga taklif qiladigan imkoniyatlar juda cheklangan. Agar bu muammo hal etilmasa, ertami-kechmi, butun tizim izdan chiqishi mumkin. Xalqaro tajribaga qaraydigan bo'lsak, masalan, akademiya tarbiyalanuvchisi "Paxtakor"dan "Real" kabi klubga transfer qilinsa, akademiya ham bundan moliyaviy manfaat ko'rishi mumkin. Aytaylik, transfyerdan bir foiz ulush akademiyaga tegsa ham, bu sezilarli mablag' bo'ladi. Bunday daromad akademiyaning keyingi yillarda ham barqaror ishlashiga yordam beradi.

Ammo bizda hozir bunday imkoniyatlar ham cheklangan. Bu muammolar faqat "Mashal"da emas. O'yindan oldin "Bunyodkor" vakillari bilan ham taxminan bir soat gaplashdik. Ularda ham jiddiy qiyinchiliklar bor. Umuman, ko'plab klublarda vaziyat murakkab. Bu masalani hal qilish kerak. Albatta, hammasi faqat bizning qo'limizda emas. Rahbarlarimiz tegishli tashkilotlar bilan muloqot olib borishyapti, federatsiya bilan ham ishlayapmiz. Lekin hozirgi vaziyat haqiqatan ham jiddiy.

Agar bu muammolar kelasi yilgacha hal etilmasa, futbol taqvimini kuz-baxorga yoki bahor-bahorga o'zgartirishning o'zi katta natija bermaydi. Moliyalashtirish bo'lmasa, taqvim qanday bo'lishining ahamiyati qolmaydi. Futbol - moliyaviy qo'llab-quvvatlashni talab qiladigan sport turi. Shu bilan birga, u dunyodagi eng ommabop sport turlaridan biri. Shuning uchun futbolni rivojlantirish uchun muayyan yordam va tizimli qo'llab-quvvatlash zarur. Menimcha, hozircha davlat ko'magi juda muhim. Albatta, kelajakda klublarni xususiy sektorga o'tkazish yaxshi g'oya. Ammo bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshishi kerak. Buning uchun mamlakatdagi iqtisodiy sharoit va xususiy biznesning imkoniyatlari ham etarli darajada bo'lishi lozim.

Qolaversa, hatto "Manchester Siti" kabi yirik klublar ham faqat o'z daromadlari bilan cheklanib qolmaydi. Ular sarmoyadorlar va biznes tuzilmalari mablag'laridan ham foydalanadi. Bu futbolda odatiy holat. Lekin bizda aktivlar va moliyaviy imkoniyatlar cheklangan sharoitda bunday tizimni yo'lga qo'yish oson emas. Yaqinda bir nechta mutaxassis va murabbiy bilan o'tirib, vaziyatni muhokama qildik. Hisob-kitoblarimizga ko'ra, agar mavjud muammolar hal etilmasa, beshtagacha klub o'z faoliyatini to'xtatib qo'yishi mumkin. Umid qilamanki, bunday holatga yetib bormaymiz. Hozir Federatsiyada ham, PFLda ham kuchli mutaxassislar jamoasi ishlayapti. Ular vaziyatni ko'rib turishibdi va muammolardan xabardor. Umid qilamanki, tegishli choralar ko'riladi va mavjud vaziyatni yaxshilashga erishamiz. Barchamiz shuni kutyapmiz.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar