
Ushbu islohotning ijobiy va salbiy tomonlari, infratuzilma tayyorgarligi va klublar duch kelishi mumkin bo'lgan moliyaviy hamda logistik muammolar haqida soha mutaxassisi Ulug'bek Mirzaev o'z fikr-mulohazalari bilan o'rtoqlashdi.
"Bu masalani yanada obdon o'rganib chiqdim. To'g'risi, bunday formatga o'tish mavzusi ilgari ham vaqti-vaqti bilan ko'tarilib turardi, ammo mutaxassislar, muxlislar, O'FA yoki PFL tomonidan jiddiy tahlil qilinmagan edi. Hozirda esa Osiyo klublar musobaqalari avgust oyida start olib, mayda yakunlanayotgani hamda transfer oynasining asosiy qismini butun dunyo bilan bir xil vaqtda o'tkazish maqsadi ilgari surilmoqda. Yangi tizimni 2028 yilning avgustidan boshlash rejalashtirilgan. Aytishim mumkinki, bu juda murakkab va og'ir masala - oson bo'lmasligi aniq.
Birinchi xulosam shuki, stadionlarimiz hali bu formatga tayyor emas. Juda ko'p jamoalar o'z maydonida to'p tepa olishmayapti. Noyabr, dekabr va fevral oylarida havo juda sovuq bo'ladi, klublarimiz qiynaladi. Bizning maydonlar may-iyun oylariga kelibgina ideal holatga keladi, keyin esa ularni kuzgacha sifatli ushlab turish talab etiladi. Demak, kuz-bahor tizimiga o'tishdagi eng katta muammo - infratuzilma va stadionlar. Shu sababli bu borada "etti o'lchab, bir kesish" lozim. Masalan, biror mahsulot bozorga kirgach, u qaytib chiqib ketmasligi kerak. Yangi formatga o'tsagu, maydonlarimiz tayyor bo'lmasa yoki boshqa muammolarga duch kelib, yana ortga qaytsak-chi? Orada qancha vaqt va imkoniyat boy beriladi. Menimcha, O'zbekiston hozircha bu formatga tayyor emas, iqlimimiz ham ushbu yo'nalishda ishlashga mos kelmaydi. Shu bois mazkur omillarni inobatga olgan holda ish tutish zarur.
Futboli eng rivojlangan Braziliyani olib qaraylik: ularning shuncha futbolchisi bo'laturib, ichki chempionati Yevropa transfer oynasiga moslashtirilmagan. Ularda musobaqalar, xuddi bizdagidek, yanvarda boshlanib, dekabrda tugaydi. Braziliyadan qanchadan-qancha futbolchi xorijga legioner bo'lib ketadi, ammo ular "transfer oynasiga moslashishimiz kerak" deyishmayapti-ku. Katta klublar braziliyaliklarni tarkibga qo'shib olishda hech narsani ayashmayapti va bunga transfer oynasining muddati xalaqit berayotgani yo'q.
Shuningdek, yangi format klublarga qanday qulaylik berishini ham ko'rmayapman. Odatda Osiyo klublar turniri taqvimiga moslashish vaj qilib ko'rsatiladi. Vaholanki, yangi formatda o'yin amaliyotimiz kam bo'lgan holatda musobaqaga kirishishga to'g'ri keladi. Hozir esa klublarimiz yaxshi sport formasida va o'yin tonusida bo'lgani uchun ham natija ko'rsatishmoqda. Masalan, "Paxtakor" saralashda Iordaniya jamoasini mag'lub etdi, Saudiya Arabistoni klublariga etarlicha qarshilik tug'dirdi. Biz ana shu mavjud afzalliklarni ushlab qolishimiz kerak.
Bundan tashqari, klublar byudjeti yanvardan dekabrga qadar hisoblanadi. Musobaqalar avgustdan maygacha davom etsa, moliyaviy yil 2 ta davrga bo'linib ketadi va bu homiylar bilan muammolarni keltirib chiqaradi.
Nafaqat maydonlar, balki umumiy infratuzilma haqida ham o'ylashimiz kerak. Kuzda, noyabr-oktyabr oylaridagi o'yinlarni "uchrashuv tezroq tugasaydi" deb tomosha qilishlarini aytishgan. Bizda yopiq stadionlar yo'q, tribunalar muzlab ketadi. Muxlislar qalin kiyinib kelishsa-da, sovuq baribir o'z ta’sirini ko'rsatadi, maydonlar esa loyqaga aylanadi. Qishda hatto elektr taminotida ham uzilishlar kuzatiladi. Birinchi navbatda aholining ijtimoiy hayotini hisobga olish lozim. O'yinlar qoldirilishi, qishda dovonlar yopilib qolishi kabi omillar bor.
Bu format yosh futbolchilarning o'sishiga va jismoniy jihatdan shakllanishiga ham katta xalaqit beradi. Agar bu tizim o'zini oqlamay, eski formatga qaytilsa, yana qancha vaqt yo'qotiladi. O'ylaymanki, bu tizimning ijobiy tomonlaridan ko'ra salbiy oqibatlari ko'proq. Ayniqsa, biz joylashgan geografik kenglikdagi iqlim sharoitida bu juda og'ir kechadi. Qishimiz ayozli keladi, yozda esa mavsum oldi tayyorgarligini olib borish murakkablashadi”, – dedi Mirzaev.