
- Bugungi o'yinda ikkala jamoaga ham tashabbusni oldi, deb aytib bo'lmaydi. Jamoamizda charchoq borligini bilardik va ularga biroz engillik kerak edi. O'z navbatida "Lokomotiv" jamoasi ham "ekonom" rejimda o'ynadi. Balki jamoa 20 oktyabr kungi "Neftchi"ga qarshi o'yinni e'tiborga olgandir. Ikkala jamoada ham vaziyatlar bo'ldi. Durang natijasi o'yinga mos bo'ldi. "Lokomotiv" tajribali futbolchilarga ega va barcha o'yinlarda yaxshi o'yin ko'rsatmoqda, to'pni yaxshi nazorat qiladi. Biz "Lokomotiv"ning kuchli futbolchilarini yopishga harakat qildik. Chunki ular istalgan vaziyatdan foydalanib ketishlari mumkin edi. Bunga yigitlar ancha e'tiborli bo'lishdi va ikkala jamoa ham bir ochko bilan cheklandi.
- Shunda "Nasaf" bir ochko ishladimi yoki ikki ochko yo'qotdimi?
- Ikki jamoa ham g'alaba uchun o'ynadi va shu sababli ikkala jamoa ikkita ochkoni yo'qotdi, desak to'g'ri bo'ladi.
- Jamoa oldiga vazifa qo'yilmasa, chiroyli o'yin ko'rsatadi va yoshlarga ko'p imkoniyat beriladi. "Nasaf" kuchli uchlikka yaqinlashib qolganida, ochko yo'qotdi. Bugungi o'yinda ko'p holatlarda Abduvohid Ne'matov to'pni ushlab olib, hujumga tepib yuboraverdi. Oldiga vazifa qo'yilganda "Nasaf"ning o'yini biroz soddalashadi degan fikrga qanchalik qo'shilasiz? O'tgan safar jamoa 2:0 hisobida yutqazayotgan bo'lsa-da, odam mazza qilib tomosha qiladigan o'yin ko'rsatgandi.
- "Lokomotiv"ning barcha mahoratli futbolchilari hujumda o'ynashadi. Shu sababli biz asosiy e'tiborni himoyaga qaratib, qarshi hujumlarda yaxshi harakat qilishimiz kerak edi. Yaxshi vaziyatlar yaratdik, biroq yakunlashning iloji bo'lmadi. Siz ham to'g'ri aytdingiz, biz yaxshi o'yin ko'rsatyapmiz, lekin hujumda samaradorlik yetishmayapti. Samaradorlik yaxshi bo'lgan o'yinlar biz uchun oson o'tmoqda va ulardan engil chiqib ketyapmiz. Har doim yigitlardan ochiqroq futbol ko'rsatishni talab qilamiz. Biroq chempion bo'lgan yilimizda biz natija uchun o'ynab, himoyaga ham ko'proq e'tibor berganmiz. Hozir bizda talab yoki bosim yo'q. Lekin yigitlardan chiroyli o'yin ko'rsatishini so'rayapmiz. Ular ham imkoniyati va mahorati etgunga qadar harakat qilishmoqda.
- "Lokomotiv"ning kuchli va kuchsiz tomonlarini aytsangiz.
- "Lokomotiv"ning hujum chizig'ida juda yaxshi ijrochilari bor. Har bir qanotdagi yoki hujumdagi futbolchilari yarimta vaziyatdan gol urib ketishi mumkin. Bu "Lokomotiv"ning asosiy quroli edi. Jamoa tarkibida yoshi katta futbolchilar ko'p. Jismoniy tarafdan biz ulardan yaxshiroq bo'lishimiz kerak, deb o'ylagandik. Lekin bizda ham tez-tez o'yinlar bo'layotgani jismoniy tarafdan ustunlik bermadi.
- So'nggi kunlarda yonib turgan mavzuni so'ramasam bo'lmaydi. Abduvohid Ne'matovning asosiy tarkibda tushishi - bosh murabbiyning qarori, bunga gap-so'z bo'lishi mumkin emas. O'tgan o'yindan keyingi matbuot anjumanida Bobir Abdixoliqov o'yini chiqmayotgani uchun zaxirada qoldirganini aytdingiz. Va shuningdek, kim yaxshiroq formada bo'lib turgan bo'lsa, shu maydonga tushishini ma'lum qildingiz. Hozirgi "Nasaf"ning darvozabonlari orasidagi farq kattami? Yani, Ne'matov yomon o'yin o'tkazsa ham, biroz pasayish bo'lsa ham u asosiy tarkibda tushadi. Ikki xil standart bo'lib qolmayaptimi?
- Darvozabonni bekorga yarim jamoa deyishmaydi. Agarda yosh darvozabonga imkoniyat bersak, bu juda og'ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu yerda tavakkalchilik kyetmaydi. Hujum chizig'idagi futbolchilarni almashtirsak, bilinmasligi mumkin. Abduvohid va hujum chizig'idagi futbolchilarning nuqtalari umuman boshqa-boshqa.
- Sizni bilamiz, yoshlar ligasidagi barcha o'yinlarni tomosha qilib borasiz. Kecha ushbu jamoalarning yoshlari o'zaro o'ynadi. Bu ikki jamoa ushbu mavsumdagi natijalari bilan maqtana olmaydi. Lekin Siz "Nasaf" tarkibidagi futbolchilardan asosiy tarkibga mos futbolchini ko'rdingizmi? Yoki "Lokomotiv"da "Nasaf"ga olsa bo'ladigan biror futbolchi bormi?
- "Lokomotiv"ning yoshlarini yaxshi bilamiz, ular yaxshi. Shodiboev maydonga tushdi. 2007 yilda tug'ilgan yana bir zo'r futbolchisi bor. Ular kechagi o'yinda maydonga tushishmadi va faqatgina hujumda Ibraimov o'ynadi. U yaxshi tarafdan ajralib turdi. Shunday o'yinlarga borganda biz nafaqat o'zimizning futbolchilarni, balki, raqib jamoa futbolchilarini ham ko'ramiz. To'g'risi, juda iqtidorli futbolchilarni ko'rmadim, o'rta saviyadagi futbolchilar bor. Umuman olganda kecha iqtidorli futbolchilarni "Nasaf"da ham "Lokomotiv"da ham ko'rmadim. Shunga qaramasdan bizning futbolda iqtidorli futbolchilar bor. Faqat ularni topish kerak. O'yinlarni tomosha qilishga borganda futbolchilarning o'sayotgani yoki o'smayotganini ko'rib boramiz. Lekin "Nasaf" bosh murabbiyi sifatida aytaman: yoshlar jamoamizning futbolchilaridan ham ko'rsatayotgan futbolidan ham etirozlarimiz bor. Albatta, buni klub ichida muhokama qilamiz.
- Darvozabon - yarim jamoa va u jamoani olib chiqib ketishi mumkin. "Nasaf" chempionligidan keyin Ro'ziqul Berdievning o'zi ham pragmatik futbolga kyetib qolmadimi? O'zingiz ham aytdingiz, darvozabonni almashtirsam, xavfli bo'lishi mumkin, lekin hujumchini almashtirsam, hech bo'lmasa durang bo'ladi, deb. Kuper ham shunday degandi, himoyada gol o'tkazmasak, hujumda gol urib olamiz. Sizning gaplaringizdan shu mano kelib chiqdi.
- Biroz qiynadingiz. Bizning o'z qarashlarimiz bor va undan chiqishga harakat qilmaymiz. Buni so'nggi yillarda ko'rsatib kelyapmiz. O'zim ham hujumkor va kombinacion o'yin bo'lishini xohlayman. Lekin bu uchun futbolchilarning mahorati va saviyasi ham kerak. Buni o'zim yaxshi tushunaman. Bazi holatlarda futbolchilarning darajasidan kelib chiqib, Siz aytgan futbolni ham o'ynashga majbur bo'lamiz. Agar murabbiy sifatida o'zingizni ko'rsangiz, bilasiz. Agarda futbolchilarning mahorati men istagan futbolga etmasa, nima ham qila olardim. Qayerdadir to'g'riroq va oddiyroq futbol o'ynashimiz kerak bo'ladi.