
"Bizga, futbolchilarga futbol hamma narsani berdi va biz butun hayotimizni unga bag'ishladik. Biz yuqori darajada to'p surdik va terma jamoalarimiz liboslarini faxr bilan kiydik. Ammo bilamizki, muxlislarsiz, ularning o'yinga bo'lgan mehri va sadoqatisiz hech bir yutug'imizga erishib bo'lmas edi. Biz butun dunyo bo'ylab millionlab muxlislarning xavotirlariga sherikmiz. Biz ham ular kabi FIFAning hozirgi rahbariyati davrida sevimli o'yinimiz o'z asosiy qadriyatlaridan uzoqlashayotganini kuzatdik.
Biz uzoq vaqt davomida muhim qarorlar futbolchilarning fikri va manfaatlari inobatga olinmagan holda, ushbu sport turini qo'llab-quvvatlovchi muxlislarga e'tibor qaratmasdan qabul qilinayotganiga guvoh bo'ldik. O'zgarishlar zarur. Hokimiyat hozirgi rahbariyatni o'z manfaatlarini futbol uchun nima yaxshiroq ekanligidan ajrata olish qobiliyatidan mahrum qildi. So'nggi voqealardan so'ng jim turishning iloji qolmadi. Etar endi.
Biz barcha manfaatdor tomonlarni oldinga qadam tashlashga va sportimiz kelajagini o'zgartirishga yordam berishga chaqiramiz. Ushbu chaqiriq oddiy odamlardan tortib yuqori martabali futbolchilargacha barchamizni birlashtiradi.
FIFAda ishonchni qayta tiklashni xohlaydigan munosib insonlar bor, ammo yangi davr tuzilmaviy o'zgarishlarni - futbolni boshqarish masalalarida futbolchilar va muxlislarning haqiqiy, to'g'ridan-to'g'ri ovoz berish huquqini talab qilmoqda. Maydonga tushadigan va tribunada o'tiradiganlar o'z fikrlarini chinakamiga bildirishga hamda futbol kelajagiga ta’sir ko'rsatishga munosibdirlar.
Futbol hamjamiyati juda uzoq vaqt sukut saqladi. Muxlislar, futbolchilar va butun futbol olami farovonligi yo'lida biz endi jim turmaymiz", – deyiladi bayonotda.
Eslatib o'tamiz, iyul oyi oxirida FIFAning jahon chempionati huquqlarining bir qismini sotish bo'yicha yangi tijorat tuzilmasi – FIFA Forward Enterprise (FFE) tashkil etish rejalari haqida ma'lum bo'lgan edi. Keyinchalik Janni Infantino futbol konfederatsiyalarining tanqidlari va UEFAga a'zo mamlakatlar tomonidan JCHga boykot e'lon qilish xavfi ortidan ushbu g'oyadan voz kechishga qaror qilgandi.