Misr terma jamoasi murabbiyi Hassan hakamlik haqida: "Marketing uchun ular Messining JCHda qolishini xohlashadi"

  • Mr.NoBoDy 08.07.2026 11:44
  • 32
  • 30

Misr terma jamoasi bosh murabbiyi Hossam Hassan JCH-2026 1/8 finalidan o‘rin olgan Argentinaga qarshi o‘yindagi (2:3) hakamlikdan norozi bo‘ldi.

"Mening fikrimcha, biz yaxshiroq o‘ynadik. Ammo sodir bo‘lgan voqealar... Nazarimda, bu noto‘g‘ri. Men ham ingliz tilidagi, ham arab tilidagi auditoriyaga murojaat qilyapman: bo‘layotgan ishlar adolatdan emas. Foydamizga penalti belgilanishi kerak edi — avval bir vaziyatda, keyin boshqasida. Nima uchun bunday qilinmaganini bilmayman. Shundan so‘ng biz 3:1 hisobida oldinga chiqib olishimiz mumkin edi. Keyin esa raqib ikkinchi to‘pni kiritdi.

Bilmadim... Balki gap marketingdadir. Balki ular jahon chempionatini targ‘ib qilishni, amaldagi jahon chempioni turnirda qolishini va Messini JCHda saqlab qolishni xohlashayotgandir. Ammo biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik va buni juda munosib tarzda bajardik.

Men Misr terma jamoasi muxlislariga, butun Misr xalqiga, shuningdek, arab va afrikalik ishqibozlarga aytmoqchiman: ba’zida bor kuching bilan ishlashing, o‘zingni butunlay bag‘ishlashing mumkin, biroq vazifani ancha murakkablashtirib yuboradigan omillar mavjud bo‘ladi.

Albatta, keyingi bosqichga chiqishimizni juda xohlagandim. Men mag‘lubiyatni yomon ko‘radigan insonlar toifasidanman. Bugungidek mag‘lubiyat nohaq bo‘lib tuyulganda esa, bu ayniqsa og‘ir botadi. Shu sababli muxlislarimizdan so‘rab qolaman — xafa bo‘lmanglar. Biz keyingi bosqichga chiqishni juda ham istagandik. Har bir narsa uchun Allohga shukr. Ammo futbolda shunday narsalar borki, ular o‘yin chegarasidan chiqib ketadi.

Futbolga ham, mahoratga ham aloqasi bo‘lmagan omillar bor. Hatto amaldagi jahon chempioniga qarshi o‘ynayotgan bo‘lsang ham, ularga har tomonlama yordam berishayotgandek tuyg‘u paydo bo‘ladi. Qayerga qaramang, mana shunday qo‘llab-quvvatlash mavjud", — dedi Hassan beIN Sports telekanaliga bergan intervyusida.

Ўхшаш янгиликлар