“Manchester Siti”da o'n yil faoliyat olib borgan Pep Gvardiolaning aql bovar qilmas hikoyasi

  • Mr.NoBoDy 25.05.2026 16:48
  • 101
  • 30

Jek Grilish og'riqdan yerda ag'anab yotardi. Bu 2023 yil may oyida "Manchester Siti"ning azaliy raqibi "Manchester Yunayted"ga qarshi Angliya Kubogi finali arafasidagi mashg'ulot edi va Pep Gvardiola jamoasi tarixiy treblga yaqinlashib kelayotgandi.

Grilish qo'lini jarohatlab olgandi – u finalda ham barmoqlariga bog'ich taqib tushdi – murabbiy esa bundan o'z shogirdlarini ruhlantirish uchun imkoniyat sifatida foydalandi. Guvohlardan birining so'zlariga ko'ra, u futbolchilarning bellashuvga tayyorligini shubha ostiga olib, fikrini isbotlash uchun o'zini erga tashlagan, qo'lini ushlagancha baqirib dumalagan va Grilish bilan sodir bo'lgan jarohatni ko'rsatib bergan. Bu vaqtda esa "Coldplay" guruhi buni galereyadan kuzatib turardi.

Bu Gvardiolaning hayratlanarli 10 yillik boshqaruvi davridagi "Siti"ning yana bir oddiy kuni edi.

Gvardiola "Manchester Siti"ni va Manchester shahrini sevib qoldi. Uning klubdagi yutuqlari, boshdan kechirgan lahzalari va unga ko'rsatilgan qo'llab-quvvatlash – ketishga qaror qilish u uchun juda og'ir bo'lganini anglatadi.

O'n yillik faoliyati davomida u g'ayritabiiy narsalarni odatiy holga aylantirdi. Qatorasiga to'rtta Premer-liga, qatorasiga to'rtta Karabao kubogi, ichki trebl – bularning hech biri ilgari sodir bo'lmagan. Chempionlar darhol ishtiyoqni yo'qotib, keyingi yili jadvalda pastga qulaydigan davrda, etti yil ichida oltita Premer-liga chempioni unvoni.

Gvardiola davrining asosiy o'yinchilaridan biriga yaqin manbaning takidlashicha (munosabatlarni himoya qilish maqsadida anonimlik sharti bilan) – murabbiy bir necha yil oldin qisman AQSH sporti va rekordlarga bo'lgan muhabbati sababli, qisman esa o'tgan mavsumdagi pasayishgacha bu mantiqiy maqsaddek tuyulgani uchun 10 ta Premer-liga titulini yutmaguncha "Siti"da qolishni niyat qilgan ekan.

U haqiqiy daho, yovvoyi, shiddatli, futbolga mukkasidan ketgan inson sifatida esda qoladi. U bilan ishlagan ko'pchilik uni yaxshi ko'rardi, bazilar esa yoqtirmasdi. U murakkab inson – bir lahzada kayfiyati yuqori, keyingisida esa past bo'lishi mumkin; bazida futbolchilarni ilhomlantirib ruhlantirsa, bazilarni esa sovrinlarga yaqin qolganda tarkibdan chiqarib tashlab hafsalasini pir qilardi.

Uning do'sti, "Oasis" guruhi gitarachisi va qo'shiq muallifi Noel Gallaxerning so'zlariga ko'ra, Gvardiola "Siti"dagi davrini hayotining eng yaxshi 10 yili sifatida eslaydi.

"Shanba kuni o'yindan so'ng u ancha o'ychan edi", – deydi Gallaxer "The Athletic" nashriga 16 maydagi Angliya Kubogi finalidan keyingi suhbati haqida. "Men birinchi marta "u ketyapti shekilli" deb o'yladim, chunki u bu davr hayotining eng yaxshi o'n yilligi bo'lgani haqida gapirardi.

"U 45 yoshdan 55 yoshga o'tdi, bu inson hayotining katta va muhim davri. Men hozir ellik yoshlardan oshganman, shuning uchun ellikka kirish nima ekanligini bilaman. Chet elda bo'lsa-da (garchi u bu erni uyim deb atasa ham) faoliyatingning eng cho'qqisida shuncha vaqt o'tkazish va oilaviy hayotida bazi shaxsiy masalalarni boshdan kechirish – bu u uchun katta o'zgarish. Lekin u juda o'ychan kayfiyatda edi. Bir marta bo'lsa ham kelajak haqida gapirmadi va men bu balki bir ishoradir deb o'yladim".

photo_2026-05-25_16-19-14.jpg

U bu o'n yillikni aql bovar qilmas suratda yashab o'tdi. Manbalardan biri Gvardiolani futbolchilar oldiga chiqib ko'rsatmalar berayotganida "Gollivud aktyori"ga qiyoslaydi, garchi u tez-tez fikrini o'zgartirib tursa ham.

"Uning futbolga bo'lgan ishtiyoqini to'liq ifodalaydigan bir voqea bor", – deydi "Siti"ning trebl yutgan jamoasi sardori Ilkay Gyundogan boshqa bir hodisa haqida gapirarkan. "Bir kuni ertalab Pep video xonaga aql bovar qilmas energiya bilan kirib keldi. Unda qandaydir "yangi g'oya" bor edi va u 45 daqiqa davomida maydonda sinab ko'rishimizni istagan murakkab taktik o'zgarishni ehtiros bilan tushuntirdi.

"Biz barchamiz diqqat bilan tingladik, uni tushunishga harakat qildik va mashg'ulotga chiqdik, lekin uni amalga oshirishga uringanimizdan 45 daqiqa o'tib, u to'satdan hammasini to'xtatdi. U ekraniga qaradi, bizga qaradi va shunchaki shunday dedi: "Hozirgina aytgan hamma gapimni unuting. Barchasini. Bu bemanilik edi. Buning hech qanday mantig'i yo'q".

"Biz shunchaki lol bo'lib turardik! Odatiy "rondo" o'ynashga va odatdagidek mashg'ulot o'tkazishga qaytdik. Lekin bu Pep edi. U o'ziga shunchalik halolki, agar g'oya mukammal emasligini tushunsa, uni darhol yo'q qiladi. Albatta, ertasi kuni ertalab u haqiqatan ham mukammal ishlaydigan yangi reja bilan keldi. Bu menga hatto dunyodagi eng yaxshi mutaxassis ham doimiy ravishda o'zini so'roqqa tutishini ko'rsatdi".

Gyundogan Gvardiola "Siti"ga kelganida uning birinchi transferi edi, klub u kelishidan ancha oldin poydevor tayyorlab qo'ygandi. Kevin De Bryuyne va Rahim Sterling 2015 yilda shartnoma imzolanganida u hali "Bavariya" murabbiyi bo'lishiga qaramay, u bilan maslahatlashgandi va u 2016 yilda Emerik Lyaportga qo'ng'iroq qilib, Jon Stounzning kelishi rejalashtirilganini aytib, uni shartnoma imzolashga ko'ndirishga uringandi.

Gvardiola bilan "Siti Suites"da – Salfordning Manchester markazi hisoblangan qismida yonma-yon yashagan Gyundogan, birga o'tkazgan sakkiz mavsumdan so'ng sobiq murabbiyini "ustoz va do'st" deb biladi va 55 yoshli mutaxassis Angliyadagi davrida qanday o'zgarganini yaxshi tasvirlab bera oladi.

"O'ylaymanki, u ko'proq "insoniy"lashdi va futbolchilar bilan biroz erkinroq munosabatda bo'la boshladi", – deydi germaniyalik. "Dastlabki yillarda u 24/7 yuqori shiddatda edi, har bir soniya mukammallik haqida edi. Vaqt o'tishi bilan, ayniqsa ko'proq titullarni yutganimizdan keyin, u jamoaga ko'proq ishona boshladi. U bazida futbolchilarga taktik yig'ilishdan ko'ra biroz erkinlik yoki dam olish kuni ko'proq kerakligini tushundi. Uning muloqoti shunchaki doskada figuralarni surishdan ko'ra, ko'proq jamoaning hissiy holatiga qaratildi".

Gvardiolani tushunish hatto u bilan eng yaqin ishlaganlar uchun ham qiyin bo'lishi mumkin.

"Munosabatlarimiz har doim yaxshi edi", – deydi Gvardiola qo'l ostida "Siti"da to'rtta Premer-liga titulini yutgan va jamoaga ikki yil sardorlik qilgan Fernandino. "Men doim uning oldiga kelardim, quchoqlashib ko'rishardim va bazi narsalarni so'rardim, keyin esa hurmat bilan gaplashishga harakat qilardim. Lekin ochig'ini aytsam, u bajarayotgan ish tufayli, bazida u juda stress holatida, bazida esa xotirjam bo'lardi. Bu faqat natijalarga emas, klub ichidagi ko'plab vaziyatlarga bog'liq edi. Albatta, biz sodir bo'layotgan bazi narsalardan bexabar edik, lekin buni tana tilidan ko'rish mumkin edi".

Gvardiola klubga kelganida Fernandino 31 yoshda edi – u kataloniyalik bilan ertaroq ishlaganida ancha yaxshiroq futbolchi bo'lardim deb o'ylaydi va u Gvardiolaning dastlabki mashg'ulotlari keyingi o'n yillikning ohangini qanday belgilab berganini tushuntiradi.

"O'shanda oddiy 11 ga 11 o'yini edi va odatda mashg'ulotlarda birinchi harakat "xo'sh, o'yinni xotirjam boshlaymiz va keyin nima bo'lishini o'ylab ko'ramiz" degandek bo'lardi", – deydi u. "To'pga birinchi teginishimiz bilanoq, kim tegingani esimda yo'q, u hushtak chaldi, mashg'ulotni to'xtatdi va shunday dedi: "Quloq soling, agar siz shunday o'ynamoqchi bo'lsangiz, buning iloji yo'q. Birinchi daqiqadan so'nggi daqiqagacha bor kuchimiz bilan harakat qilamiz".

"Xulosa juda aniq edi, chunki futbolchilarning aksariyati o'yin yoki mashg'ulotni shunchaki o'tkazib yuborishga va faqat bazi vaziyatlardagina bor kuchi bilan harakat qilishga o'rganib qolgandi. Lekin u bilan birinchi mashg'ulotdan boshlab, birinchi hushtakdan boshlab bor kuching bilan ishlashing kerak edi.

"Bu u haqidagi birinchi taassurotimiz edi va shundan so'ng har bir mashg'ulot shunday o'tdi".

To'g'ri yondashuvga ega bo'lish muhimligini u eng birinchi futbolchilar yig'ilishidayoq uqtirgan edi.

"Biz kirib kelganimizda, birinchi ko'rgan videomiz Kevin De Bryuynening takroriy lavhasi edi", – deydi Gvardiola bilan "Siti"da o'tkazgan bir mavsumini qadrlaydigan Bakari Sanya. "Siti" 2015-16 yilgi mavsumning so'nggi kunida Manuel Pellegrini qo'l ostida Chempionlar ligasiga yo'llanma olgandi, "Suonsi" bilan 1:1 hisobidagi durang ularga kuchli to'rtlikka kirishga yordam bergandi.

"Aslida biz bundan hafsalamiz pir bo'lgandi, chunki agar siz raqobatchi bo'lsangiz, ligada uchinchi yoki to'rtinchi o'rinni olganingizdan xursand bo'la olmaysiz. Biz Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqqandik, shuning uchun bundan xursand bo'lish mumkin emasdi, yo'llanmani qo'lga kiritgan bo'lsak-da, umidsizlik kuchliroq edi.

"Pep Kevin De Bryuyne xursandchilik qilayotgan joyida videoni to'xtatdi. Hakam hushtak chalishi bilan u kadrni to'xtatdi va faqat Kevin qo'llarini, ikkala qo'lini ko'targandi. Va u shunday dedi: "Yigitlar, menda bir savol bor. Nega faqat Kevin xursand bo'lyapti, sizlar hozirgina Chempionlar ligasiga yo'llanma oldingiz va hech biringiz xursandchilik qilmayapsiz? Hech biringiz xursand emasmisiz? Faqat Kevin xursandmi?"

"U bizga dedi: "Men unga o'xshagan, nimagadir erishganidan xursand bo'ladigan yigitlarni xohlayman. Bu normal holat emas, chunki sizlar nimagadir erishdingiz. Albatta bu siz kutgan narsa emas, lekin sizlar bu klub uchun juda muhim bo'lgan Chempionlar ligasiga yo'llanmani qo'lga kiritdingiz". U shunday dedi: men sizlarni mana shunga, kichik detallarni ham nishonlashga o'rgatmoqchiman. Shunda men "yanada pozitivroq bo'lishga, futboldan va mana shunday lahzalardan zavqlanishga harakat qilishim kerak ekan" deb o'yladim".

Gvardiola o'sha dastlabki oylarda futbolchilar o'rtasida yaqin munosabatlarni o'rnatish uchun ko'p mehnat qildi, ma'lum xulq-atvorlar odatga aylanishini taminlashga qaratilgan qatiy qoidalarni joriy qildi. U futbolchilar telefonlariga qarab o'tirmasdan bir-birlari bilan gaplashishlari uchun Wi-Fi'ni o'chirib qo'ydi va ular mashg'ulot bazasida nonushta va tushlik qilishlarini majburiy qilib qo'ydi.

U shuningdek, xorijlik futbolchilarning ingliz tilida gaplashishini talab qildi, tilni bilmaydiganlar Manchestyerdagi birinchi Rojdestvoga qadar imtihon topshirishlari kerak edi va u futbolchilarning vazni borasida juda qattiqqo'l edi.

"Biz vaznimizga e'tibor berishimiz shart edi", – deydi Sanya. "Agar vaznimiz 1,5 kgga ortiq bo'lsa, unga bu yoqmasdi. Siz tarkibdan chiqarilardingiz, kerakli vaznga qaytmaguningizcha o'zingiz yolg'iz yugurardingiz".

Sanya o'sha kunlarni eslab kuladi: "Balki shundan keyingina u sizni yana mashg'ulotlarga qo'shar – lekin u buni unutmaydi".

Gvardiola shuningdek o'z falsafasining asoslarini o'rgatishga kirishdi, bu shunday kichik o'zgarishlar ediki, futbolchilarning o'zi ularning o'yin uslubini butunlay o'zgartirganini takidlashardi.

"Birinchi mashg'ulotda meni hayratga solgan narsa shu bo'ldiki, biz 5 ga 2 "rondo" o'ynayotgan edik", – deydi Sanya. "Bir payt men tashqarida edim, ikki futbolchi to'pga pressing qilayotgandi va to'satdan to'p menga keldi va men tovonim bilan, chap tomonimdagi o'yinchiga to'pni oshirdim.

"Va ular "Baka, markazga" deyishdi, lekin men to'pni yo'qotmagandim. Men hayron bo'ldim. U dedi: "Baka, markazga o't". Men tushunmadim. U tushuntirdi: "Tovon bilan oshirish kerak emas – agar sen oldindan tanangni burib, chap tomondagi o'yinchini ko'rganingda edi, tovon bilan oshirishingga hojat qolmasdi". Men "Ey, xudoyim, ha, u haq!" dedim". U yana kuladi. "Bu juda kichik narsa, lekin u butun vaziyatni o'zgartirib yuboradi".

Yaqinda Sanya o'zining birinchi murabbiylik ishi – Dubaydagi "Banaat" ayollar jamoasini boshqarishdan ketdi va ularni chempionlikka olib chiqdi.

"Men kelganimda ular biroz nolib, uni yoki buni qilishni xohlamayotganliklarini aytishardi va ular biron narsa qilishni istamasa, men ularga aytardim: "Qizlar, bu mendan emas, siz bevosita Pep Gvardioladan o'rganyapsiz", – deb kuladi u. "Men buni aytgan zahotim, xudo haqqi, ular shikoyat qilishni to'xtatadilar. "Men sizlarga o'rgatayotgan narsalar Pep Gvardioladan ko'chirib olingan".

Gvardiolaning birinchi mavsumda o'z usullarini o'rgatishga uringaniga eng yorqin misol – klubning sevimli yulduz hujumchisi Serxio Aguero atrofida sodir bo'lgan. U 2012 yilda "Kuinz Park Reynjers" darvozasiga kiritgan so'nggi soniyalardagi goli bilan birinchi Premer-liga titulini olib kelib, allaqachon afsona maqomiga ega bo'lgandi.

U va Gvardiola birgalikdagi dastlabki ikki mavsumda bir necha bor to'qnash kelishgan, o'sha paytda jamoaga yaqin manbalarning "The Athletic"ga aytishicha, Aguero Gvardiola uni qattiq shug'ullanmagani yoki ishtiyoq bilan pressing qilmagani uchun sotmoqchi deb o'ylagan.

Aguero yaqinda "Chelsi"ga o'tishga yaqin bo'lganini, biroq klub bunga to'sqinlik qilganini aytdi. Hatto 2017 yilning yozida, Gvardiola kelganiga bir yil bo'lganda, u "Siti" raisi Xaldun Al Muborak bilan uchrashgan, unda Agueroga kelajakda hech qanday muammo bo'lmasligiga kafolat berilgan. Ammo murabbiy va hujumchi o'rtasidagi ziddiyatlar davom etgan, chunki Aguero katta o'yinlarda tarkibdan chiqarib tashlanardi.

photo_2026-05-25_16-20-12.jpg

Fernandino bu ikkisi oxir-oqibat qanday qilib umumiy til topganini tushuntirib beradi.

"Bu jarayon oson kechdi, chunki Pepning asosiy mahorati echim topish edi", – deydi u. "Agar sizda Aguero kabi o'yinchi bo'lsa, uni shunchaki tashlab yubora olmaysiz, va u buni Aguero pressing qilishi uchun ikkita yugurish amalga oshiradigan qilib jamoani tuzish orqali hal qildi, qolgan og'ir ishlarni esa biz bajarardik.

"Masalan, birinchi mavsumda darvozadan to'p kiritilganda, o'yinchilar to'pni hali jarima maydonchasi ichida qabul qila olmasdilar, shuning uchun ular to'pni jarima maydonchasidan tashqarida qabul qilishlari kerak edi. Keyin Aguero ikkita yugurishni amalga oshirishi kerak edi. Birinchisi, agar u himoyachiga borsa va himoyachi to'pni darvozabonga qaytarsa, Aguero u yoqqa ham yugurardi. Shunday qilib, u darvozabonni biz turgan joyga to'p oshirishga majbur qilardi va albatta biz u yerda pressing qilishimizni bilardik.

"Pep jamoani u pressing qilishi uchun iloji boricha kamroq yuguradigan qilib tayyorladi va qolganlarimiz ancha yosh va kuchga to'la bo'lganimiz uchun uning o'rniga ham buni bajarardik".

Gvardiolaning o'zi ham birinchi mavsumda ishdan bo'shatilishidan qo'rqqandi. Biograf Marti Perarnauning so'zlariga ko'ra, u "Vest Bromvich"ga qarshi o'yinda g'alaba qozona olmaslik klubni chora ko'rishga majbur qiladi degan ishonch bilan chiqqandi. Bu "Siti" unga muvaffaqiyat qozonishi uchun kerak bo'lgan barcha narsani, hatto qiyin paytlarda ham to'liq qo'llab-quvvatlashni berishga tayyor ekanligini tushungan kunlardan oldin edi.

"Siti" uchun juda muhim bo'lgan inson – bu rais Xaldun", – deydi trebl sohibi Emerik Lyaport. "Men uchun u hayotimda uchratgan eng buyuk insonlardan biri. Agar men uning o'rnida bo'lganimda, balki natija yoki muvaffaqiyatsizlik tufayli bazi o'yinchilarga juda yomon munosabatda bo'lardim. Bu odam esa doim qo'lingizni qisadi, holingizdan xabar oladi: "Ahvoling qanday, oilang qanday?", juda xushmuomala va u kabi nufuzli, shunchalik qudratga ega odamning shunday bo'lishi juda ko'p narsani o'zgartiradi".

"Klubning uning vaziyatini boshqarish usuli unga ko'proq xavfsizlik beradi va o'ylaymanki, bu tabiiy hol", – deya qo'shimcha qiladi Fernandino. "U har doim taktik jihatdan qandaydir yangilik qilishga intilardi, chunki u ko'proq tavakkal qilishi mumkinligini bilardi, rahbariyat unga doim ishonishga harakat qildi, futbolchilar unga ishondi, klubdagi hamma unga ishondi.

"Albatta, u qandaydir bosim borligini bilardi, lekin oxir-oqibat u qanday natija qayd etishidan qati nazar, bazi qarorlarni qabul qilishda erkin edi".

O'tgan mavsumda "Siti" barcha turnirlardagi 31 o'yindan faqat 11 tasida g'alaba qozonib, tez-tez to'liq 90 daqiqa o'ynashga jismonan qodir emasdek ko'ringanida, Gvardiola yana bosimni his qildi. Bu u ilgari hech qachon boshdan kechirmagan mavsum edi va u Chempionlar ligasiga yo'llanmani naqd qilish uchun "Fulxem"ni mag'lub etishi kerak bo'lgan mavsumning so'nggi kuniga qanday dahshatli his bilan yetib kelganini gapirib bergandi.

"U haqiqatan ham umidsizdek ko'rinardi", – deydi Gallaxer. "U menga shunday xabarlar yuborardiki, go'yo o'zini oqlashga, nima bo'layotganini tushuntirishga harakat qilardi. Men undan hech qachon ishi haqida ochiq so'ramaganman, men shunchaki muxlisman, bu odamni taniganimdan xursandman xolos, lekin u vaziyatni tushuntirish uchun qo'lidan kelganini qilardi.

"115 ta ayblov masalasi har qanday odamni holdan toydiradi. Shaxsiy hayotdagi muammolar – bu eng yaxshi paytlarda ham charchatadi, lekin ko'z oldingizga keltiring, butun bir futbol klubi sizning qiyofangizda shakllangan, siz asosiy odamsiz, sizni hech qanday zaif holatda ko'rmasliklari kerak. Butun futbol jamoatchiligi qoqila boshlaganimizdan xursand bo'lmoqda. Har hafta o'n minglab odamlar uchun yetakchi bo'lish qandayligini tasavvur qiling. O'ylaymanki, bu har qanday odamning tinkasini quritadi".

Mashg'ulot bazasidagi manbalarning takidlashicha, u javob izlab o'z shiddatini o'ziga qaratgan. Yordamchilarining qo'llab-quvvatlashi to'satdan yo'qoldi. Asosan standart vaziyatlar bo'yicha murabbiy bo'lgan Karlos Visens oldinga chiqib, boshqa vazifalari bilan bir qatorda amalda Gvardiolaning ikkinchi raqamli yordamchisiga aylandi, ammo unga juda ko'p yuk tushdi.

Xuanma Lilo futbolchilik davridan beri kataloniyalik mutaxassis bilan juda yaqin bo'lgan va yordamchi murabbiy sifatidagi avvalgi faoliyatida "Siti" muvaffaqiyatining muhim qismiga aylangandi, hatto u klubni tark etganidan keyin ham u Gvardiolaga 2023 yilgi Chempionlar ligasi triumfida "Real"ni 4:0 hisobida mag'lub etish va finalda "Inter" ustidan qozonilgan g'alabani rejalashtirishga yordam bergan. O'sha yozda yordamchilari Enco Mareska va Rodolfo Borrellni yo'qotgach, Gvardiola aslida "Siti"dan Liloni Qatardagi bosh murabbiylik ishidan qaytarib olib kelishni talab qildi. Klub buni amalga oshirdi, hatto kelishuv doirasida Liloning o'zining yordamchisi Inigo Domingesni ham olib kelishga rozi bo'ldi.

Ammo o'tgan mavsumda vaziyat o'zgardi. Dominges futbolchilar bilan til topisha olmadi va Lilo ham uzoqlashdi. U ingliz tilini o'rganmagandi, avvallari bu muammo emasdi, chunki uning xarakteri va tana tili ispan tilini bilmaydiganlar bilan muloqotda qo'l kelardi, ammo hatto uning Gvardiola uchun foydaliligi ham pasaydi.

Klubdagi bazilarda Gvardiola yolg'izlanib qolgan degan taassurot uyg'ondi. Gvardiola rafiqasi bilan ajrashgandi va u bilan vaqt o'tkazadigan tengdoshlari kam edi. Mashg'ulot bazasiga kelgan mehmonlar u kim bilandir suhbatlashish uchun ularning ko'proq qolishlarini xohlayotganini his qilishardi. Bu ancha g'amgin manzarani tasvirlaydi.

Boshqaruvi davomida u tez-tez yomon kayfiyatda bo'lardi yoki hech bo'lmaganda natijalar yaxshi bo'lganida ham odatda shunday bo'lardi – o'z xayollariga cho'mgancha, qoshlarini uyib mashg'ulot maydonida aylanib yurardi.

Gallaxerning so'zlariga ko'ra, u mavsum oxiriga kelib "jonlangan", yangi transferlar va murabbiylar shtabiga kelgan yangiliklar bilan to'ldirilgan yangi jamoa Qo'shma Shtatlardagi Klublar o'rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etgan o'tgan yozda u o'zining energiyasini qaytara boshlagan. U o'shandayoq Manchestyerdagi so'nggi mavsumi bo'lishini his qilgan narsasiga ishtiyoq bilan qarardi, ammo shunga qaramay, u mavsum boshlanishi arafasida do'stlari bilan tushlik qildi va mutlaqo charchagandek ko'rindi.

Unga yaqin bo'lganlarning aytishicha, u mavsum davomida futbolga shunchalik ko'p energiya sarflaydiki, yozda kuchini tiklash uchun haftalab vaqt kerak bo'ladi. Eng yaqin xodimlarining ko'pchiligi ish allaqachon tugaganini his qilgan bo'lsa-da, Manchestyerda shuncha vaqt qolishining sababi – bu uning tinimsiz davom etish istagidir, jamoa yuqorida yoki pastda bo'lishidan qati nazar, u har doim keyingi qiyinchilikdan motiv oladi.

Joriy mavsumda energiya katta hajmda qaytdi, hatto so'nggi ikki hafta ichida Gvardiola baribir qolishni xohlayotgani haqida ishonchli mish-mishlar tarqaldi. Bu sahna ortida katta zarba bo'lardi, chunki jamoatchilik bundan bexabar bo'lib, Gvardiola shartnomasining yana bir yili qolganini va qolishiga ishora qilayotganini takidlayotgan bir paytda, "Siti" uning ketishini oylab kutgan va uning o'rniga Mareska xizmatlarini bog'lab qo'yishdan tashqari ancha jiddiy tayyorgarlik ko'rgandi.

Gvardiola yillar davomida o'yinchilar bilan munosabatlarga yondashuvini takomillashtirgan bo'lishi mumkin, ammo u hamon o'sha hayajonli, bazida g'alati shaxsligicha qolmoqda.

Bernardu Silva, balki unga yaqin bo'lganlarning so'zlariga ko'ra Gvardiolaning eng sevimli o'yinchisi, hamon kiyim almashtirish xonasida, hatto yangi futbolchilar orasida ham "Bernardiki" deb ataladi, chunki Gvardiola ikki yil oldin o'zining odatiy g'alati mashg'ulot hayqiriqlaridan birida uni shunday atagan. Bu unchalik qo'pol bo'lmaganlaridan biridir.

So'nggi haftalarda u mavsumning eng qizg'in pallasida futbolchilarning o'sishidan hayratda qoldi. "Men sizlarning o'yiningizni ko'rishdan juda hayajondaman", – deb baqirdi u. Boshqa paytlarda u ularning jangga tayyor yoki yo'qligini so'roqlash uchun juda rang-barang so'zlardan foydalangan.

Bu mavsum uning faoliyatidagi eng katta sinovlardan biriga aylandi. U o'tgan mavsumda yetishmagan energiyani jamoaga qaytarmoqchi bo'lgan bir paytda, uning futbolga bo'lgan yondashuviga tabiatan mos kelmaydigan ko'plab yangi, yosh futbolchilarni birlashtirdi.

U Yurgen Kloppning "Liverpul"dagi sobiq yordamchisi Pep Liyndersni mashg'ulot maydonida yana bir kuchli shaxs sifatida harakat qilishi va jamoani yana yugurishga majbur qilishi uchun olib keldi. Asosiy jamoa atrofidagi manbalar hatto mavsum boshida Gvardiola mashg'ulotlar va o'yinlarda Liyndersga qo'shimcha mas'uliyat yuklab, niderlandiyalikka o'zi ishonmagan principlarni joriy qilishga ruxsat berganiga ishonishadi.

Ikkalasi o'rtasida hech qachon kelishmovchilik bo'lmagan; shunchaki Gvardiola yangilanishni va ehtimol o'zining yondashuvini o'zgartirishni shunchalik istaganki, u yangi g'oyalarga ochiq edi. Shunga qaramay, "Siti" mavsum davomida asta-sekin Gvardiola usuliga qaytdi, dastlabki oylardagi ochiq, qarshi hujumga asoslangan o'yindan voz kechib, yana nazoratga qaytdi.

"Bu mavsumda mening faoliyatimda ilgari hech qachon bo'lmagan juda ko'p turli usullar qo'llanildi", – dedi Gvardiola dushanba kuni. "Menda doimo men o'zgartiradigan qandaydir kichik bir detal bo'ladi. Lekin boshqa tomondan, bu qiziqarli bo'ldi. Bu yanada qiziqarliroq bo'ldi, degan bo'lardim".

U bu mavsumning katta qismini yangi tarkibida avvalgi engilmas jamoalarni shakllantirgan o'sha mentalitetni yaratishga sarfladi.

"Menga sheriklarining reakciyasi yoqadi", – dedi Gvardiola aprel oyida "Siti"ning "Arsenal" ustidan qozonilgan g'alabasida Janluiji Donnarumma potencial halokatli xatoga yo'l qo'yganidan keyin. "Ular unga yordam berish uchun shu yerda edilar, bu mavsumda biz mana shuning ustida juda ko'p ishladik.

"Qachonki gol o'tkazib yuborgan jamoalarni ko'rsam va hamma nolib, hamma o'zi uchun harakat qilsa, bu menga yoqmaydi. Ular esa birga edilar".

Bu joriy mavsumda u miyalarga quygan shiorga aylandi. Sentyabr oyida u "Etixad" stadionida mavsum boshidagi derbida "Yunayted" ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng o'z futbolchilariga murojaat qildi. U 20 yoki 30 daqiqalik yig'ilishni tayyorlash uchun 60 dan 90 daqiqagacha vaqt sarflaydi, bu unga yaqin odamlarning qanday qilib u hali ham bunga vaqt topishiga hayron bo'lishlarining sabablaridan biridir. Murabbiylik kurslari bugungi kunda qisqa, aniq yig'ilishlarni tavsiya qiladi, ammo Gvardiolaniki bunga zid va u yordamchilari barcha kerakli videokliplarga ega ekanligiga va ularni aynan to'g'ri vaqtda to'xtatishlariga ishonch hosil qiladi. U ko'pincha kun sayin bir xil xabarlarni takrorlaydi, shuning uchun futbolchilarda hech qanday bahona qolmaydi.

Sentyabr oyidagi derbidan keyingi kun, o'sha yerda bo'lgan manbalardan biri murabbiy o'z futbolchilarining qilgan ishlarini takidlashni qanday istamaganini tasvirlaydi – e'tibor buning o'rniga Brunu Fernandeshga qaratildi. Portugaliyalik yarim himoyachi "Yunayted"dagi jamoadoshlaridan Fil Fodenning birinchi golidagi ishtiroki uchun g'azablangan va "Siti" nishonlayotgan vaqtda ularni ochiqchasiga koyigan edi.

Gvardiola o'z futbolchilariga Fernandesh yaxshi o'yinchi bo'lsa-da, jamoadoshlariga nisbatan bunday salbiy munosabatda bo'lish "Siti"da qabul qilinmasligini bildirish uchun kliplar tayyorlagan edi. Gvardiola o'yinlar davomida o'z o'yinchilaridan noroziligini ochiq ko'rsatishga qarshi emas va bu u kutadigan standartlarning yana bir eslatmasi edi.

"Siti" aprel oyida Premer-liga doirasidagi o'yinda "Arsenal"ni mag'lub etganidan so'ng, manba uning Donnarummaning Niko O'Rayliga tezkor uzatmasini qanday takidlaganini tasvirlab berdi. Aniqrog'i, Rodrining reakciyasi. Ispaniyalik darhol burilib, "Arsenal" darvozasi tomon yugurdi, Martin Edegor esa 10-15 qadam sekin yugurdi.

Rodrining "Arsenal" jarima maydonchasiga birinchi bo'lib yetib kelgani Vilyam Saliba uning oldini to'sishi kerakligini anglatardi, bu esa uzoq ustunda Erling Xolandning ishini osonlashtirdi. Gvardiolaning xabari shu ediki, "Siti" Rodrining qo'shimcha xohishi tufayli chempionlik uchun kurashda "Arsenal"ni mag'lub etadi.

Oxir-oqibat bunday bo'lmadi, uning futbolchilari charchab qolishdi, ammo Gvardiola davrining so'nggi haftalari o'tganda ham u har qachongidek g'ayratli ko'rinardi va agar u qolish haqida jiddiy o'ylagan bo'lsa, bu hayratlanarli emas.

U Istanbulda "Inter"ni 1:0 hisobida mag'lub etib, treblni qo'lga kiritib, "Siti" birinchi marta Chempionlar ligasida g'olib chiqqanidan keyingi kunning tongida, o'zini Lionel Messi Argentina bilan Jahon kubogini yutganidan keyin his qilganidek his etayotgani haqida gapirdi. "Ya esta", dedi u argentinalik muxbir Visente Mugliaga. "Marra zabt etildi". Shunga qaramay, u darhol keyingi mavsum uchun rejalarini muhokama qildi.

U o'sha mavsumning boshida "Siti"ni tark etishga yaqin kelgandi, lekin 2022 yilning oxirida yangi shartnoma imzoladi. 2024 yilda u so'nggi shartnomasini imzolaganida, u o'z xodimlariga aytmagan edi va sport direktori Chiki Begiristayn bilan birga mavsum oxirida ketishni rejalashtirayotgandi.

Gvardiola o'sha paytda ishga bog'lanib qolgani haqida gapirib, intervyularidan birida ketishi va tinch hayotdan zavqlanishi kerakligini bilishini, lekin bunday qila olmasligini aytgandi.

U o'tirib echim topishning hayajoni haqida gapirdi va uning boshqaruvining etarlicha baholanmagan jihatlaridan biri – o'yinchilarning poziciyasini katta muvaffaqiyat bilan o'zgartirish qobiliyati bo'ldi: Fabian Delf va Aleksandr Zinchenko chap qanot himoyachilari sifatida, De Bryuyne "yolg'onchi to'qqizlik" sifatida, Stounz zamonaviy libero sifatida va Mateus Nunesning o'ng qanot himoyachisi sifatida qayta tug'ilishi.

Ammo u o'zining barcha g'oyalarida turavermasdi. Bernarduning 2023 yilda "Arsenal"ga qarshi muhim o'yinda chap qanot himoyachisi sifatida o'ynagani etarlicha hayratlanarli, aslida dastlabki g'oya yanada aql bovar qilmas bo'lganini bilganingizda esa bundan ham hayratlanasiz.

"Avvaliga uning birinchi g'oyasi meni markaziy himoyada o'ynatish edi va men haqiqatan ham markaziy himoyada mashg'ulot o'tkazgandim", – deydi Bernardu. "Arsenal"ga qarshi safarda, men chap qanot himoyasida o'ynagan o'sha bahsda Natan (Ake) chap qanot himoyachisi sifatida, men va Ruben (Diash) markaziy himoyachi sifatida o'ynayotgandik va u meni o'z xonasiga chaqirganida, men faqat shunday o'yladim: "Vau..." U: "Qo'lingdan keladimi?" dedi. Men: "Ha, albatta harakat qilib ko'raman. Bilasiz, bu mening tabiiy poziciyam emas, lekin xohlasangiz, shunday o'ynayman", dedim.

"Keyin bir kun mashg'ulot o'tkazdik va u dedi: "O'ylaymanki, almashtirsak yaxshiroq bo'ladi, Natan markazga keladi va sen chapga o'tasan". O'shanda ham bunday qilish aqldan ozishdek tuyulgandir, ayniqsa o'sha paytda ligada peshqadam bo'lib turgan "Arsenal"ga qarshi shunday qiyin o'yinda. O'sha o'yinda g'alaba qozondik va bu ajoyib edi. Murabbiyning maydondagi istalgan poziciyada o'ynashga ishonchi bo'lishi yoqimli".

Futbolda hech narsa tekinga berilmaydi va yana bir Premer-liga tituli Gvardiola uchun munosib yakun bo'lsa-da, ichki dubl – hammasini yakunlashning romantik usuli. U Angliya futboli tarixida ichki kuboklarda ikki marta dubl qayd etgan birinchi murabbiyga aylandi.

Uni kuboklarni emas, balki g'alaba qozonishni quchgan deb takidlash mumkin, ammo u shubhasiz ingliz futbolining o'ziga xos xususiyatlari va xarakterlarini sevib qolgan.

"Bu mamlakatdan oladigan eng yoqimli xotiralarimdan biri – Angliya Kubogi doirasida Birinchi yoki Ikkinchi liga klublariga qarshi safarda o'ynash bo'ladi", – degan edi Gvardiola bu mavsumda "Salford Siti"ga qarshi o'yindan oldin.

"Bu doim ajoyib bo'lgan. Avtobusda stadionga yetib kelganingizda va barcha muxlislar "Sen kimsan?! Sen kimsan?!" deb kuylashidagi o'sha taassurot. Uzun paslar bilan kechadigan bunday atmosfera, rostdan ham vada beraman, hayotimning oxirigacha o'zim bilan olib ketadigan xotiralarimdan biri bo'ladi".

O'sha o'yindan keyin u Karl Robinsonni o'z xonasiga taklif qildi, bu ularning beshinchi marta to'qnash kelishi edi.

"U meni lol qoldirdi, haqiqatan ham shunday qildi, hatto o'tgan mavsumda meni ichimlik ichishga taklif qilganida ham", – deydi Robinson "The Athletic"ga. "Rayan Giggz men bilan birga edi va Rayan kirib kelganda, Pepning ko'zlari porlab ketdi va u: "Vau", dedi. U juda qiziqib qolgandi. Uning berayotgan savollari aql bovar qilmas edi – eski o'yinlar, "Barselona" o'yinlari, uning "Manchester Yunayted" jamoalari haqida, bizning ("Salford") darajamizda qanday ekanligi, uni va buni qanday topishingiz haqida gaplashib, Ikkinchi liga va Birinchi liga haqida juda qiziqqan holda, quyi ligalarda o'tkazadigan o'yinlarimiz sonidan hayratda qolgandi.

"Rayan xonaga kirganda Pepning unga bo'lgan hurmati darajasini ko'rishingiz mumkin edi, bu aqldan ozish darajasida edi. U juda ochiq edi. Biz unga ko'plab savollar berdik va u ajoyib edi".

Gvardiola aslida nostalgik romantikdir. U Maykl Jordan va Tayger Vuds kabi shaxslarni yaxshi ko'radi – u sharob ichib, noutbukdan boshini ko'tarib meyjor turnirlarda Vudsni tomosha qilish jarayoni uni yaxshiroq murabbiy qilganini aytadi. Golf – uning ehtirosi. U bilan birga o'ynaganlarning aytishicha, uning gandikapi 10 atrofida va ikki yil oldin "Siti"ning mavsumoldi turnesi doirasida Orlandoda bo'lganida, u ingliz professionali Denni Uillett bilan bir soatlik dars olgan va birga o'ynagan. 2018 yilda "Manchester Yunayted" "Vest Bromvich"ga yutqazib qo'ygan paytda, "Siti" birinchi marta chempionlikni qo'lga kiritgan lahzani mashhur tarzda o'tkazib yuborgandi, chunki u Tommi Flitvud bilan golf o'ynayotgandi.

"Shubhasiz, Pep men uchratgan eng yaxshi insonlardan biri", – deydi Flitvud. "Men u eng yaxshi ko'rgan insonlari qurshovida u bilan vaqt o'tkazish baxtiga muyassar bo'ldim va shundagina siz haqiqiy Pepni ko'rasiz. U o'z oilasi va unga eng yaqin bo'lganlar bilan eng baxtli odamdir.

"Pep o'zi bilmagan holda menga hayot haqida ko'p narsani o'rgatdi. Uning kamtarinligi va viqori, odamlarga qanday munosabatda bo'lishi, bularning barchasi iz qoldiradi.

"Dunyo futboldagi eng buyuk aqllardan birini ko'radi, lekin uning atrofidagi odamlar undan-da buyukroq insonni ko'rishadi".

photo_2026-05-25_16-23-33.jpg

Gallaxer golfga umuman qiziqmaydi, lekin Gvardiolaning ishtiyoqini yaqindan ko'rgan. "U muvaffaqiyatli, professional odamlarga judayam qiziqadi", – deb tushuntiradi u. "U meni "Etixad" kampusiga tushlikka taklif qildi va u yerda Rori Makilroy fitnes uskunasidan, qandaydir maxsus kriogen qor xonasidanmi foydalanib yurgandi.

"Pep asosan Rori Makilroydan intervyu olardi, men esa shunchaki qarab o'tirib: "U yaramas "Yunayted" muxlisi-ku, bu yerda nima qilyapti? Ularning mashg'ulot bazasidan foydalanib yuribdi", deb o'ylardim. O'ylaymanki, u tana tiliga, fikrlash tarziga va odamlar o'zini qanday tutishiga qiziqadi. Men golf muxlisi emasman, lekin ularning golf va uning psixologik tomoni haqida suhbatlashishini ko'rish juda qiziq edi.

"U Xiton Parkda bizning chiqishimizni ko'rgani kelganda, sahnaga chiqishimizdan 10 daqiqa oldin sahna ortida shunchaki hazillashib yurganimizga ishona olmadi va u: "Sizlar shunday chiqmoqchimisizlar?", dedi. Biz esa: "Ha, chiqishdan oldin balki tishimni yuvib olarman, lekin asosan shu, ha", dedik. Va u: "Ey xudoyim, lanati, u yerda qancha odam borligini bilasizlarmi?" derdi. Biz esa: "Ha, lekin bizning usulimiz shunday". Biz atrofdagi hammani yoqtiramiz va ruhiyatga kirishamiz, bu esa uni lol qoldirgandi".

Gvardiolaning ingliz futboliga bo'lgan munosabati dastlab u yoshligida ispan televizorida ko'rgan sanoqli o'yinlar orqali shakllangan, bu uning nega Angliya Kubogiga alohida mehr qo'yganini tushuntiradi, chunki final o'sha namoyish etilgan sanoqli o'yinlardan biri edi.

U Nil Uornok, Sem Ellardays va Toni Pyulis kabi eski maktab ingliz murabbiylariga hayrat bilan qaraydi. Ikki yil oldin Gvardiola Kayl Uokerni uzoq yillik murabbiy teleeshittirishda ishlagandan so'ng Uornokni o'z ofisiga taklif qilish uchun yuborgan va uni savollarga ko'mib tashlagan. Shundan beri ular do'stlashib qolishgan.

"U shunday odam, hatto o'z yoshida va shunchalik zo'r bo'lganida ham doim nimanidir o'rganishni xohlaydi va u hali ham miyangizni "kavlashtiradi", – deydi Uornok.

77 yoshli mutaxassis Gvardiolaning undan aynan nimani xohlaganini aytishdan bosh tortadi, lekin u undan odamma-odam markazirovka haqida qattiq so'roqqa tutganini aytadi, bu narsa ularning birinchi uchrashuvidan beri Premer-ligada tobora keng tarqalib bormoqda. Agar u yaqinda juda muhim bo'ladi deb hisoblagan narsasi bo'yicha maslahat olayotgan bo'lsa, bu hech kimni hayron qoldirmaydi.

Bir murabbiy "The Athletic"ning Gvardiola bilan tajribasi haqida gapirib berish so'rovini xushmuomalalik bilan rad etdi va bir-biriga qarshi o'yinlarda uni sovuqqon deb topganini ta'kidladi. Gvardiola bilan ko'p marta to'qnash kelgan Premer-liganing uzoq yillik murabbiylaridan biri yillar davomida uning tomonidan bir qadah sharobga taklif qilinmaganini va kataloniyalik mutaxassis o'zining maqomini hisobga olgan holda ingliz murabbiylari bilan o'z tajribalarini baham ko'rish uchun ko'proq vaqt ajratishi mumkin edi, deb hisoblashini aytadi.

Bu jihatni ehtimol Gvardiola raqiblariga uni mag'lub etishda zarracha ham yordam berishni istamasligi bilan tushuntirish mumkin.

Boshqalar, masalan, Robinson uni juda maqtaydi. 2019 yilda Angliya Kubogi doirasida "Siti"ga qarshi o'yinda "Nyuport Kaunti"ni boshqargan va o'sha paytda Gvardiolaning yordamchisi bo'lgan Mikel Arteta bilan murabbiylik licenziyasini olish bo'yicha o'qigan Maykl Flinn kataloniyalikning qanchalik g'amxo'r bo'lishini tushuntiradi.

"O'yindan oldin yaxshigina suhbatlashdik va o'yindan keyin u oldimga kelmoqchi edi, lekin kimdir yong'in signalizaciyasini yoqib yubordi", – deydi u. "Shuning uchun u ketishga majbur bo'ldi va men uni ko'rolmaganimdan biroz xafa bo'ldim. Lekin keyin u menga xabar yozdi, u mening raqamimni Mikeldan olibdi va shundan beri aloqadamiz.

"Men bordim, "Man Siti"ga borib "Luton Taun"ga qarshi o'yinni ko'rdim (2024 yilda). U menga, xotinimga va o'g'illarimga ajoyib munosabatda bo'ldi. Mashg'ulotni kuzatdik, o'yindan keyin uning ofisida u bilan birga o'tirdim. U yuqori darajali inson. U qiziquvchan. U butun futbolni yaxshi ko'radi. U futbol bilan yashaydi va nafas oladi".

Gvardiola so'nggi paytlarda retrospektiv tarzda nostalgiya bilan gapirmoqda, bu unining allaqachon ketish haqida qaror qabul qilganini ayon qiladi.

"Men o'n yil oldin kelganimdan beri o'z xodimlarim bilan Amerikadami, Osiyodami yoki qayerda bo'lmasin, birinchi mavsumoldi turnesidan boshlab, bu klubni "biz g'alaba qozonishimiz kerak" deb ishontirishga harakat qildim", – degan edi u ikki hafta oldin. "Biz g'alaba qozonishga harakat qilishimiz kerak. Musobaqalarni tanlash yoki o'yinlarni tanlash degan narsa yo'q. Ish etikasi va hamma narsa. Barchamiz – rahbar, bosh direktor, sport direktori, o'zim – barcha musobaqalarda tanamizga shuni singdirishimiz kerakki, "Biz har bir o'yinda eng yaxshi o'yinimizni ko'rsatishimiz kerak".

"Angliya Kubogi, Karabao kubogida Birinchi liga jamoasi yoki boshqa birovga qarshi tushganimizda, men ko'proq ishlayman. Futbolchilar bilishadi: "Yigitlar, ehtiyot bo'linglar, agar biz o'zimizga o'xshamasak, muammoga duch kelamiz". Chempionlar ligasida "Madrid"ga yoki o'z uyimizda chempionlik uchun "Arsenal"ga qarshi o'ynash oson, bilasizki, o'yinchilar tayyor bo'ladi, muxlislar shu yerda bo'ladi, lekin aynan o'sha boshqa lahzalar klubni belgilab beradi. Barcha musobaqalardagi 10 yillik barqarorlik haqiqatan ham g'ayritabiiy, g'ayritabiiy bo'ldi".

Bu uning xotirjamlikka qarshi yolg'iz olib borgan kurashi edi. 2018 yil aprel oyining o'rtalariga kelib De Bryuyne, Silva, Aguero, Leroy Sane va Sterling kabilardan iborat yorqin jamoa sharofati bilan birinchi chempionlik naqd qilinganidan so'ng, u ko'p ichilgan tundan so'ng futbolchilarni chaqirib, ularga bo'shashmaslikni aytdi, chunki keyingi maqsad 100 ball yoki undan yuqori natija qayd etish edi. Bazilar hali ham mast edi.

So'nggi turda "Sautgempton"ga qarshi o'yinga yuzlikni qayd etish uchun g'alaba kerak edi.

"Biz rahbariyat tomonidan shunchalik bosim ostida edikki, xuddi Pep, Mikel, u yerdagi hamma 100 ballga erishishni xohlardi, nima bo'lsa ham", – deydi Lyaport. "Mavsumning so'nggi o'yini, hisob 0:0 bo'lganida o'zimni juda yomon his qilardim. Gabriel Jezus gol urdi, lekin bu balki 90-daqiqalarda edi, shuning uchun bu go'yoki mag'lubiyatdek, go'yoki Premer-ligani boy berayotgandek edik. Aql bovar qilmaydi... 100 ball – 97, 98 ham yaxshi, lekin u bir xil emas.

"Nishonlashimizni ko'rdingizmi? O'sha lahzada go'yoki Premer-ligada g'olib chiqayotgandek edik. Jinnilik, aql bovar qilmaydi".

"Siti"ning ko'plab muxlislari "shaharliklar" jamoasi o'z o'yinining tezligi tufayli Gvardiola davrining eng yaxshisi bo'lib qolmoqda deb hisoblashadi. Shundan keyingi "Siti"ning aksariyat titullarida jamoa ko'proq nazorat bilan o'ynadi, odatda o'yinni sekinlashtirdi va hujum qilish uchun qulay lahzalarni tanladi. Bu zarur bo'lgan o'zgarish edi.

"Birinchi ikki yoki uch mavsumda biz shunchalik avtomatik tarzda bir teginish, ikki teginish bilan o'ynardik va raqiblar buni bilardi", – deydi Fernandino. "Shundan so'ng u biroz o'zgartirdi va dedi: "Yo'q, siz raqibning harakatini ham nazorat qilishingiz kerak, har doim ham bir teginish yoki ikki teginish bilan o'ynashingiz shart emas". Uning principlarining asoslaridan biri "to'pni yaxshi nazorat qilish va keyin uzatma berish" edi, lekin bir muncha vaqt o'tgach u biroz o'zgartirdi, hatto mashg'ulotlarni ham. "To'pni ko'proq oyog'ingizda ushlab turing, eng yaxshi yo'nalishni tanlang, eng yaxshi harakatni tanlang va keyin biz ixcham holda, butun jamoa bo'lib oldinga intilamiz".

Shubhasiz, Gvardiola o'n yil davomida "Siti"ni o'yin cho'qqisida ushlab turgan tinimsiz, intensiv muhitni yaratdi, bazida kuzatilgan pasayishlarni hisobga olmaganda.

"Men uni bu sport turi bilan kuniga 24 soat yashaydi va unga to'liq sho'ng'ib ketgan deb aytgan bo'lardim", – deydi "Siti" himoyachisi Yoshko Gvardiol "The Athletic"ga. "U o'zining shaxsiy qarashiga ega va futbolni o'ziga xos tarzda ko'radi. Ko'pincha u o'yin kuni butun taktikani o'zgartirardi va oxir-oqibat hammasi yaxshi bo'lib chiqardi. U qanday bo'lishini aytsa, odatda shunday bo'ladi.

"Transfer vaqtida, u menga qo'ng'iroq qilib gaplashganimizda suhbat juda qisqa bo'ldi, lekin biz darhol til topishdik. O'sha besh daqiqa ichida men bu to'g'ri qadam ekanligini his qildim.

"U o'ziga xos murabbiy va o'ylaymanki, har bir futbolchi u bilan ishlash imkoniyatiga ega bo'lishni xohlaydi".

U futbolchilariga dam berishning muhimligini borgan sari ko'proq anglab etdi, mavsum oxirida hafta o'rtasida o'yin bo'lmagan kamdan-kam hollarda ularga muntazam ravishda uch kunlik dam bera boshladi. Bu yondashuv uning bazi xodimlarining fikricha o'yinchilarning ritmni yo'qotishiga olib kelishi mumkin, ammo u ularning chalg'ishi va oilalari bilan vaqt o'tkazishining afzalliklarini yuqori baholaydi.

O'yinlar ko'payganda mashg'ulotlar ko'pincha engil bo'ladi, ammo mashq qilish imkoni bo'lganda, shiddat shafqatsiz bo'lishi mumkin.

"Men lol qolib qolgandim", – deb eslaydi buni o'z ko'zi bilan ko'rgan Uornok. "Ular o'yindan oldingi kuni ikki yarim soat shug'ullanishadi. Bu shunchaki vaziyatlarni ko'zdan kechirish yoki tayyorgarlik emasdi, juda intensiv, ajoyib edi. Tomosha qilishdan rohatlandim, lekin o'ylab qoldim: "Mening yigitlarim hozir nima degan bo'lardi?". "Boss, ertaga o'yinimiz borligini bilasizmi?". Bu juda intensiv va haqiqatan ham zo'r edi. Xoland kabilar ham, lanati, odamlar u ko'p ishlamaydi deb o'ylardi, lekin hozir aytamanki, u mashg'ulotlarda men ko'rgan har qanday hujumchidek qattiq mehnat qiladi".

2016 yildagi o'sha birinchi yig'ilishlar va mashg'ulotlarda o'yinchilarga berilgan xabarlar 10 yil davomida kundan-kunga mustahkamlanib bordi.

O'yindan keyingi kundagi mashg'ulotlar o'ynaganlarga dam olish imkonini beradi, ammo o'ynamaganlar va akademiya o'yinchilaridan yuqori shiddat talab qilinadi. 2021 yil dekabr oyida "Vulverxempton"ga qarshi o'yindan so'ng, "Siti" 1:0 hisobida g'alaba qozonganiga qaramay, so'nggi daqiqalarda beparvo o'ynaganida, Gvardiola o'yinda hech qanday hissa qo'shmagan zaxira o'yinchilari va yoshlarga baqirgan. "Bu Premer-liga!" deb qichqirdi u diqqatni jamlash darajasini yuqori ushlab turish maqsadida.

Kimligini sir saqlashni istagan bir "Siti" o'yinchisi bunday jadval tarkibga kiritilmayotgan o'yinchilar uchun qanchalik qiyin bo'lganini tushuntiradi.

"Siz ruhan kuchli bo'lishingiz kerak, chunki bu to'liq vaqtli ish va agar siz o'ynasangiz va deyarli har bir o'yinda g'alaba qozonsangiz, bu osonroq. Siz o'ynaysiz, yutasiz, yaxshi o'ynaysiz, xursandsiz. Agar o'ynamasangiz, jamoa yutgani uchun xursandsiz, lekin o'zingiz maydonga tushmaysiz, ertalab soat 4 da qaytasiz, uyg'onasiz, chigalyozdi qilasiz, qattiq shug'ullanasiz, kech shug'ullanasiz, uyga qaytasiz. Bu qiyin va har doim shunday barqaror bo'lish og'ir".

Bu bazi futbolchilarning klubni holdan toygan holda tark etishining sabablaridan biridir. Gvardiola bir necha hollarda bir necha haftalab zaxirada qoldirgan o'yinchilari bilan deyarli muloqot qilmagani ularning umidsizligini yanada oshiradi.

Gvardiolaning fikricha, futbolchilar o'zlarining umidsizliklaridan to'g'ri foydalanishlari, ijobiy kayfiyatda bo'lishlari va kerak bo'lganda yordam berishga tayyor turishlari kerak. Bu "yomon yuzlar yo'q" siyosati sifatida tanilgan.

"Qachonki muntazam o'ynamayotgan odamlar muammo yaratayotgan bo'lsa, hech narsa yarata olmaysiz", – deb tushuntirgandi u 2017 yil dekabrida.

"Yomon yuzlar, o'sha yigitlarning yomon xulq-atvori; qachonki shunday bo'lsa, buni unuting. Bunday holat ro'y bersa siz qola olmaysiz. Lekin bu yerda muntazam o'ynamagan va hozir ko'proq o'ynayotgan yigitlar, ular g'ayrioddiy. Busiz siz buni uddalay olmaysiz".

Fernandino jamoadan chetda qolgan vaqtda sheriklarini qanday qilib rag'batlantirishi kerakligi haqida so'ralganda kuladi.

"Ko'p marta", deydi u kulib. Uning xayoli darhol 2020-21 yilgi yopiq eshiklar ortidagi mavsumga ketdi, o'shanda Manchesterning qattiq lokadaun qoidalari ko'plab futbolchilar uchun hayotni qiyinlashtirgan, ularning bazilari o'ynamayotganidan allaqachon xafa edi. 21 o'yinlik aql bovar qilmas g'alabali seriya evaziga liga chempioni va Karabao kubogini qo'lga kiritganiga va Chempionlar ligasi finaliga chiqqaniga qaramay, o'sha yozda kamida beshta asosiy o'yinchi turli sabablarga ko'ra klubni tark etishni xohladi.

"2019-20 yilgi mavsumda biz uchun juda qiyin bo'ldi, chunki biz ligani 15 yoki 19 ochko (18) farq bilan boy berdik, bu men uchun unchalik yaxshi emasdi", – deydi braziliyalik. "Keyin hamma qiyin davrni boshdan kechirdi. Masalan, Kovid cheklovlari tufayli men vatanim Braziliyaga bora olmadim.

"Men jamoani imkon qadar eng yaxshi tarzda namoyish etishga majbur ekanligimni his qildim. Pep qanday ishlashni yaxshi ko'rishini bilardim va biz doimo undan jamoaga qandaydir yangilik olib kirishini kutamiz, lekin buning uchun uning xayoli erkin bo'lishi kerak edi.

"Agar siz taktik yo'nalishga 100 foiz e'tibor qaratgan bo'lsangiz, futbol klubidagi bazi muammolarni hal qilish oson emas. Shuning uchun men uning oldiga borib: "Xavotir olmang, siz tarkibni tanlash bilan shug'ullaning, qolganini o'zim hal qilaman", dedim, chunki futbolchilar meni hurmat qilishini va menga quloq solishlarini bilardim. Biroq, shunday vaziyatlar ham bo'ldiki, futbolchilar asosiy tarkibda bo'lmagani uchun kayfiyati juda yomon edi".

Yillar davomida futbolchilar va jamoa atrofidagi boshqa manbalar, afsonaviy o'yinchilarning klubdagi so'nggi yilida Gvardiola tomonidan har doim ham to'g'ri munosabat ko'rmaganliklarini aytishgan. Gvardiola Yaya Tureni mashhur tarzda chetga surib qo'ydi, lekin keyinchalik boshqalar David Silva, Aguero va Fernandino o'z maqomiga qaramay, so'nggi mavsumlarida sovuq munosabatda bo'lganliklarini his qilishdi. Gvardiola De Bryuyne, Fernandino va Sterling va boshqalar bilan baland ovozda, jahl bilan janjallashgan.

Fernandino, albatta, haligacha murabbiy haqida maqtov bilan gapiradi.

Gvardiolaning "Siti"dagi butun faoliyati davomida maqsad har doim vositalarni oqladi; jamoa har doim mavsumni kuchli yakunlagan, hatto chempionlikni yuta olmagan yillarda ham. 2019 yilda kataloniyalik boshqaruvidagi ikkinchi chempionlikni taminlagan 14 ta o'yinlik, 2021 yilda barcha musobaqalardagi 21 ta va 2022 yilda "Liverpul" bilan ikkinchi bor to'qnash kelganda so'nggi turda "Aston Villa"ga qarshi 0:2 hisobida ortda borayotib g'alaba qozongan va bir ochko farqi bilan chempionlikni hal qilgan vaqtlardagi kabi g'alabali seriyalar odatda qachon kerak bo'lsa, o'shanda topilgan.

Gyundogan zaxiradan maydonga tushib, ikkita gol urib, shu jumladan g'alaba to'pini kiritib, Agueroning KPRga qarshi o'yindagi hal qiluvchi goliga maksimal darajada yaqin bo'lgan kunda "Siti" folklorida o'z o'rnini muhrladi.

"Rostini aytsam, maydonga tushishimdan oldin men shunday katta o'yinda asosiy tarkibda emasligimdan hafsalam pir bo'lgandi", – deydi Gyundogan. "Chempionlikni hal qiluvchi o'yinda zaxirada o'tirganingizda, buni qabul qilish qiyin. Lekin Pep nihoyat ismimni aytganida, bu g'azab "yo'qotadigan hech narsa yo'q" mentalitetiga aylandi va men maydonga to'liq erkinlik bilan chiqdim, chunki mening fikrimcha o'yin shundoq ham boy berilgandek edi. Men shunchaki qo'rquvsiz o'ynadim.

"To'g'risini aytsam, o'sha nishonlashlarning har bir detalini eslay olmayman, chunki hammasi xuddi tushdek, mutlaqo real emasdek tuyulgandi. Lekin Pep meni qattiq quchoqlab: "Bilardim. Aynan sen bo'lishingni bilardim", deb pichirlagani esimda".

Shubhasiz, Gvardiolaning usullari tez-tez noodatiy bo'lib turadi; 2018 yilda o'z uyida "Kristal Pelas"dan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng, u kiyim almashtirish xonasi yaqinida bir do'sti bilan gaplashib turardi va undan Stounzning o'yini haqida qanday fikrda ekanligini so'radi. Eshitganlari unga yoqdi, Stounzning e'tiborini tortdi va do'stidan buni angliyalik markaziy himoyachiga aytishini so'radi.

"Biz har doim o'yinda bo'lardik va klubdan kimdir kelib, pastga tushib uni ko'rishni xohlaysizmi, deb so'rardi", – deydi Gallaxer. "Men esa, bilasizmi, men bu yerda oltita yaramas do'stlarim bilanman-ku, nimani nazarda tutayotganimni tushunyapsizmi? Oxir-oqibat mening oddiy mahalladagi do'stlarim uning xonasida pivo ichib o'tirishardi va u kim bilan gaplashyapti... bir marta Ispaniya qiroli o'sha yerda edi, tushunyapsizmi? Kimdir bu Ispaniya qiroli deb aytgani aniq esimda.

"Barchamizni xush ko'rib kutib olishardi. U yerda doim ispaniyalik futbolchilar bo'lardi va u juda, juda mehmondo'st va ochiq edi. Undan har qanday narsani so'rashingiz mumkin edi. Men hech qachon undan o'yin haqida so'ramasdim, lekin do'stlarim: "U yerda nima bo'ldi?", deyishardi va u hech kimdan shubhalanmasdi. Menimcha, uning qalbi juda keng. Garchi u shafqatsiz bo'lsa ham, menimcha, u qalban juda ochiq va mehribon ham".

photo_2026-05-25_16-25-28.jpg

Gvardiola yordam so'ralganda klub akademiyasiga ko'pincha yaxshi munosabatda bo'lgan – masalan, aprel oyida "Siti" "Arsenal"ni mag'lub etganidan keyingi kuni u klubning to'qqiz yoshgacha bo'lgan yangi futbolchilari bilan suratga tushgan – lekin yo'l-yo'lakay kimningdir burni ezilib ketsa ham, hamma narsa asosiy jamoani imkon qadar kuchliroq qilishga qaratilgan edi.

Gvardiola kelishidan oldin "Siti" o'z akademiyasi o'yinchilarini asosiy jamoa bilan bir joyga joylashtirishdan g'ururlanardi, bu ularga o'zlari yetishishni istagan darajani ko'rish imkonini berardi. Gvardiola esa hech qachon kimgadir yon bosayotgandek ko'rinishni istamadi va o'z o'yinchilarini imkon qadar eng yuqori sifatli muhitda bo'lishini xohladi.

U shuningdek narsalarning sir saqlanishini xohlardi; uning birinchi mavsumi oxirida gigant parda o'rnatilib, klubdagi hech kim yopiq manejdagi o'yinga tayyorgarlik jarayonini ko'ra olmaydigan bo'ldi. Ofislari ochiq mashg'ulot maydonlariga qaraydigan, ammo asosiy jamoaning bir qismi bo'lmagan xodimlar oyna oldida turib kuzatmasliklari kerakligini yaxshi bilishardi va bu sodir bo'lmasligi uchun xavfsizlik xizmati xodimlari patrul qilardi.

Gvardiola klubning yosh istiqbolli futbolchilarining katta himoyachisi edi, lekin ular asosiy jamoaning yuqori standartlariga javob berishini qattiq talab qilardi. Uning detallarga e'tibori, g'ayritabiiy xususiyati va o'ta kuchli xotirasi shuni anglatardiki, u ko'pincha televizor orqali yoshlar jamoasi o'yinlarini tomosha qilganida payqagan ayrim futbolchilar haqidagi ma'lumotlarni akademiya xodimlariga etkazardi.

Bu ko'pincha yosh o'yinchining o'yinlarda uning fikricha yo'l qo'yayotgan ayrim xatolari haqida xodimlarni ogohlantirishni o'z ichiga olardi. Sobiq akademiya xodimlarining fikricha, kataloniyalik mutaxassis "Siti"ning 2023 yilgi mavsumoldi turnesi davomidagi mashg'ulotlardagi o'yiniga asoslanib, yuqori baholangan markaziy himoyachi Stiven Mfunini baholashda har doim qattiqqo'l bo'lgan. Murabbiylar Gvardiolaga o'sha paytda Mfuni endigina 15 yoshda ekanligini va Xolandga qarshi chiqayotganini eslatishgandi, ammo yanvar oyida Mfuni Angliya Kubogida "Ekseter"ga qarshi o'yinda asosiy jamoada debyut qilganida va Gvardiola avvalroq takidlagan harakatni takrorlaganida, uning bahosi bilan bahslashish qiyin edi.

Gvardiola tez-tez yoshlar murabbiylarining ko'kragiga qo'lining orqasi bilan urib: "U tayyormi, lanati, u tayyormi?!", deb so'raydi va agar unga tayanch yarim himoyachisi haqida gapirishsa, ayniqsa xursand bo'ladi, chunki bu o'zi o'ynagan poziciya edi. U o'z mashg'ulotlarida yosh futbolchilarni texnik xatolari uchun koyimaydi, lekin agar ular yomon munosabat namoyish qilsalar, u mashg'ulotni to'xtatadi va bunday xulq-atvorga toqat qilinmasligini aniq tushuntiradi.

O'yinlardan oldingi mashg'ulotlardagi taqlid o'yinlarida yosh futbolchilardan "Siti"ning bo'lajak raqiblariga taqlid qilish so'raladi va Gvardiolaning yordamchilari yoshlar murabbiylari bilan bir necha bor uchrashib, yoshlar taqlid qilayotgan futbolchilari aynan nimalarni qilishi va qilmasligini aniq bilishlarini taminlaydi.

Masalan, 2022 yilgi Manchester derbisidan oldin Gvardiola tabiatan agressiv va intuitiv pressing qiluvchi Oskar Bobbga o'z instinktlarini unutishni va shunchaki raqib himoyachilari tomon yugurishni, so'ngra to'qnashishdan oldin to'xtashni buyurdi, chunki uning fikricha, Krishtianu Ronaldu aynan shunday qilardi.

Bu yilgi "Arsenal"ga qarshi Karabao kubogi finaliga tayyorgarlik ko'rish jarayonida Gvardiola yosh darvozabon va himoyachilarga yarim himoyaga o'tkir uzatmalar bermaslikni buyurdi, chunki u Kepa Arrisabalaga va markaziy himoyachilar Uemblidagi o'yinda bunday qila olmaydi deb hisobladi, u yerda "Siti" pressing qilmay, raqib xato qilishini kutib ularni dog'da qoldirdi.

U shuningdek, yosh futbolchilardan yuqori standartlarni, bazi hollarda hatto ilojsiz standartlarni talab qiladi. 2022 yilda "Siti"ning to'rt nafar futbolchisi COVID-19 bilan bog'liq kirish talablariga javob bermaganliklari sababli Qo'shma Shtatlardagi mavsumoldi turnega bora olmadi. O'rniga ular "Siti"ning 23 yoshgacha bo'lgan jamoasi bilan Xorvatiyaga ketishdi va undan oldin Gvardiola ularni o'z xonasiga chaqirdi.

O'sha paytda asosiy jamoa bilan shug'ullanayotgan yosh futbolchi Samuel Edozi birinchi bo'lib yetib keldi, kirib uchta stuldan biriga o'tirdi. Gvardiolaning jahli chiqdi va darhol Edozidan faoliyati davomida qilgan ishlarini hisobga olib, u Stounz, Foden yoki Grilishdan ko'ra shu joyga ko'proq noloyiqman deb o'ylaysanmi, deb so'radi.

Liam Delap 2022 yilda Chempionlar ligasi doirasidagi "Sporting"ga qarshi o'yinda maydonga tushishiga ishontirilgach, asosiy jamoaga kirishni maqsad qilgan mavsumda "Siti"da kelajagi yo'qligiga qaror qildi. "Siti" safardagi o'yinda 5:0 hisobida g'alaba qozongan va asosiy o'yinchilarga dam berish imkoniyatiga ega edi, ammo Delap hech qachon maydonga tushmadi. Buning o'rniga Gvardiola Skott Karsonni maydonga tushirdi – u kiyim almashtirish xonasi uchun juda muhim bo'lgan, lekin olti yil ichida jami ikkita o'yin o'tkazgan benihoya mashhur uchinchi darvozabon edi va bu uning oxirgi o'yini edi.

Oxir-oqibat Gvardiola o'z asosiy futbolchilarining imkon qadar eng yaxshi holatda bo'lishini xohlardi, bu esa tez-tez yuqori potencialga ega, to'liq e'tiborli yoshlar tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan intensiv mashg'ulotlarni anglatardi.

Fernandino bunday arzimas bo'lib tuyulgan narsa qanday qilib katta farq qilishini takidlaydi va Rojdestvo arafasida sakkizinchi o'rinda bo'lib, keyin ketma-ket 21 o'yinda g'alaba qozongan 2020-21 yilgi mavsumda "Siti"ning ajoyib o'zgarishini muhokama qilayotganda buni hech qanday ishorasiz tilga oldi.

"O'yindan keyingi kundagi mashg'ulot har doim eng qiyini bo'ladi, chunki hamma charchagan bo'ladi va mashg'ulot yaxshi o'tishi uchun siz qandaydir energiya berishingiz kerak", – deydi braziliyalik. "Esimda, biz bilan mashg'ulotga kelgan bazi yosh futbolchilar etarlicha yaxshi emasdi, chunki ular bu zerikarlidek tutishardi o'zini va men Pepning yordamchilari Rodo va Xuanmaga kelib: "Eshiting, biz mashg'ulotda bizga energiya berishi uchun shu yerda bo'lishni xohlaydigan bazi yoshlarni tanlashimiz kerak", dedim.

"Agar shunday davom etsak, mavsum oxirida biz yana ligani boy beramiz, chunki ertaga bir o'yinchi diskvalifikaciya qilinsa va kimdir o'ynashi kerak bo'lsa, ular tayyor bo'lmaydi yoki kimdir jarohat olsa, biz darajani oshirishimiz kerak".

photo_2026-05-25_16-26-33.jpg

Gvardioladan yaqinda "Siti" unga mos klub ekanligini qachon anglagani haqida so'rashganida, u "Siti"ning futbolchilarga g'amxo'rlik qilish bo'limini maqtash imkoniyatidan foydalanib, futbolchilar tinch hayot kechirishlari va e'tiborini futbolga qaratishlari uchun har bir detal o'ylanganini ta'kidladi.

"Shuning uchun biz so'nggi 15 yil ichida Chempionlar ligasida barqaror ishtirok etyapmiz va har doim titullar uchun kurashyapmiz", – dedi u jurnalistlarga, "chunki o'yinchilar atrofida shunday tizimlar va pufaklar borki, ular o'zlarini yaxshi his qilishadi".

Lyaport bu amalda qanday ishlashini tushuntiradi: "Ichkarida go'yo o'z farzandlaridek g'amxo'rlik qiladigan odamlar bor. Agar sizga biror narsa kerak bo'lsa, xonandalarning koncertiga chiptalar, ijaraga uy, mashina balonlarini almashtirish, hamma narsa. Uyga borish uchun taksi kerakmi, hamma narsa, sizga kerak bo'lgan hamma narsa bor. Avtobusda zo'r ovqatlar bor. Sizga kerak bo'lgan barcha narsa. Siz mashg'ulot bazasida uxlashingiz mumkin. Bu fantastik, kerak bo'lgan hamma narsa bor. U yerdagi ovqatlar aql bovar qilmaydigan darajada, yangi, hamma narsa yangi uzilgan. Oshpazdan istalgan narsani so'rash juda oson, shuning uchun ha, bu asosiy farq".

Gvardiola asosiy jamoa xodimlari o'zlarini shu jarayonning bir qismidek his qilishlarini xohlaydi, bu bu yilgi Angliya Kubogida g'alaba qozonganidan so'ng, u katta guruhni futbolchilarga qo'shilishga va birga suratga tushishga chaqirganida namoyon bo'ldi. Murabbiy asosiy jamoa binosidagilar – oshpazlar, liboslar bo'yicha mamurlar, xavfsizlik xodimlari ham jarayonga jalb qilinganini his qilishlarini juda xohlaydi.

"Menimcha, uning o'z xodimlariga g'amxo'rlik qilishi tahsinga sazovor, chunki har mavsumda uning xodimlari juda motivlashgan bo'ladi", – deydi Fernandino. "U har doim sahna ortida juda qattiq ishlayotgan odamlarni maqtashga harakat qiladi. Bu odamlarning futbolchilar va rahbariyat bilan aloqasi juda yaxshi edi va bu narsalar uni haqiqatan ham o'ziga xos qildi, chunki hamma uni yaxshi ko'radi, hamma uni hurmat qiladi. Albatta, u boshliq edi, lekin uning odamlarga munosabati, menimcha, boshqacha edi va ko'pchilik u uchun jonini berishga ham tayyor edi".

U bu xodimlar bilan ulkan moliyaviy bonuslarni bo'lishdi va Kovid davrida hech kim, jumladan, asosiy jamoaga bevosita aloqasi bo'lmagan xodimlar ham tatilga chiqarilmasligi yoki ishdan bo'shatilmasligi kerakligini ta'kidladi. Aprel oyida "Chelsi"ga qarshi o'yindan oldin u klubning uzoq yillik liboslar mamuridan Stemford Brijda o'yindan oldin nutq so'zlashini so'radi.

Ikki yil oldin u Manchester derbisidagi g'alabadan keyin jamoa oldida ko'z yoshlar bilan nutq so'zladi va unda klubning infratuzilma bo'yicha rahbari Klayv Uiltonga saraton tashxisi qo'yilganini aytdi.

Gvardiola ko'pincha "Etixad" va mashg'ulot bazasidagi maysaning uzunligi va maydonning holati bo'yicha maydon xodimlari bilan ziddiyatga borib turardi, kataloniyalik mutaxassis xodimlar imkonsiz deb bilgan narsalarni talab qilardi. Oxir-oqibat, garchi unday bo'lmasa-da, ular maysa u ko'rsatgan 23 mm uzunlikda kesilganini aytishardi, chunki u baribir farqini bilmaydi deb o'ylashardi. U shuningdek, yozgi koncertlarning stadion maydoniga ta’siridan tez-tez g'azablanardi, garchi o'zi ham ularga tez-tez tashrif buyursa-da. "Coldplay" guruhi mashg'ulotlarni tomosha qilayotganining sababi shundaki, ular mashg'ulot bazasidagi padel kortlaridan foydalanishayotgandi – Gvardiola kelgan vaqtlarda odamlarga hali padel nima ekanligini tushuntirishga to'g'ri kelardi.

O'sha o'n yillik davomida ko'p narsa o'zgardi. "Siti" Yevropa futbolining cho'qqisiga chiqdi va buyuklik tushunchasini qayta yaratdi, ilgari hech qachon erishilmagan va balki boshqa hech qachon takrorlanmaydigan marralarni zabt etdi. Va shunga qaramay, Gvardiolaning klubdagi faoliyatini shunchaki raqamlar va statistikalar bilan o'lchab bo'lmaydi va kuboklar sari g'am-tashvishsiz yurish sifatida qaralmasligi kerak.

Uning Angliyadagi o'n yilligi raqiblar va bazida o'z futbolchilari bilan bo'lgan keskin janglar, Chempionlar ligasida "Tottenxem" va "Real Madrid"dan uchralgan mag'lubiyatlarning og'ir pallalari, millatni oylab hayajonda ushlab turgan chempionlik poygalari, "Brayton", "Vest Xem" va ayniqsa "Villa"ga qarshi so'nggi kunlardagi shonli onlar, 2023 yilda "Yunayted"ga qarshi kubok finali, Istanbulda Rodrining g'alaba goli, o'sha "shaharliklar" jamoasining futbolidagi mukammalligi va shundan keyingi barcha narsalarning qayta yaratilishi bilan belgilanadi. 

Yuzlab o'yinchilar va minglab xodimlar bularning barchasiga ulkan hissa qo'shishdi, ammo bularning hech biri Pep Gvardiolasiz sodir bo'lmas edi.

Ўхшаш янгиликлар