Samandar Meliboev: "Kubok o'yinlari orqali tajriba to'playapmiz va bu kelajakda asqotadi"

  • Mr.NoBoDy 21.05.2026 22:48
  • 123
  • 30

O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o'rin olgan "Havoqand" - "Sho'rtan" (1:4) uchrashuvidan keyin matbuot anjumani tashkil etildi.

Bunda "Havoqand" bosh murabbiyi Samandar Meliboev ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalambor O'zbekiston tumanida joylashgan ushbu stadionda o'yin olib borishimizga yordam berib kelayotgan mutasaddilarga katta rahmat aytmoqchiman. Bugungi o'yinga alohida hozirlik ko'rdik. Birinchi turdagi mag'lubiyatdan to'g'ri xulosa chiqarishga harakat qildik. O'tgan uchrashuvga nisbatan ancha yaxshi o'yin ko'rsatdik deb o'ylayman. Yigitlar vaziyatni qo'lga olishga harakat qilishdi. Baribir "Sho'rtan" bilan oramizdagi farq sezildi. Ayniqsa jismoniy tarafdan kuchsiz ekanimiz ko'rinib qoldi. "Sho'rtan" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman.

- O'tgan tur Superliga, bu tur Proliga jamoasi bilan o'ynadingiz? Oradagi farq sezildimi?
- Futbolchilar o'rtasida tenglashish bor. Lekin jamoa sifatida oladigan bo'lsak, futbolga yondashuv bo'yicha farq ko'rinadi. Superligada boshqacha, Proligada boshqacha yondashiladi. Birinchi liga jamoalari Proliga jamoalari bilan raqobatlasha oladi. Faqat bu o'rinda futbolchilarning o'z ustilarida yanada ko'proq ishlashiga to'g'ri keladi. Angliyada Ligalar o'rtasida farq bo'lgani bilan Kubok bahslarida hamma tengma-teng o'ynashga harakat qiladi. O'zbekiston Kubogida Birinchi ligadan uchta jamoa qatnashyapti, buni ham katta natija desa bo'ladi. Kubok o'yinlari orqali tajriba to'playapmiz va bu kelajakda asqotadi.

- "Havoqand" jamoasi haqida to'xtalib o'tsangiz. Havaskor jamoadan mana sekinlik bilan professional klubga aylanyapti.
- Jamoamiz tashkil etilganiga to'rtinchi yil ketyapti. Tarkibimizda asosan mahalliy yoshlar va havaskor futbolchilar o'ynayapti. Asosiy e'tiborni yoshlar tarbiyasiga qaratganmiz. Biz avvalo o'z tizimimizni yo'lga qo'yib olishimiz lozim. Sharoitni ham yaxshilab borishga harakat qilyapmiz. Kelajakda yaxshi futbolchilarni chiqarsak bundan juda xursand bo'lamiz.

Ўхшаш янгиликлар