
Xalqaro futbol federasiyalari assosiasiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 48 ta jamoagacha oshirish chempionlik uchun kurashda raqobatni yanada kuchaytirishini ta’kidladi. Uning fikrlarini TVP Sport telekanali keltirmoqda.
Infantino so‘zlariga ko‘ra, musobaqa tarixdagi eng yirik turnirga aylanadi va Yevropa tashqarisida ham investisiyalarni jalb qilishga yordam beradi.
«Biz investorlar mablag‘ni faqat bir joyga kiritishini istamaymiz, haqiqiy raqobat bo‘lishini xohlaymiz, chunki bu barchaga o‘sishga yordam beradi. Men FIFAga a’zo bo‘lgan 211 davlatdan 50 tasi jahon chempioni bo‘lishini istayman», — dedi FIFA rahbari.
2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Unda rekord darajada — 48 ta jamoa ishtirok etadi.