
- O'yin borasidagi fikrlaringiz? Raqibni kuchsiz deb hisoblaysizmi?
- Yo'q, raqibni kuchsiz deb aytmagan bo'lardim. Ular himoyaviy taktikani tanlashgan edi. Biz o'z vaqtida gol urganimiz va raqibning bir kishi kam bo'lib qolgani o'yinimizni ancha engillashtirdi.
- Ligadagi holat va o'zgarishlar borasida nima deya olasiz?
- Hozirda Pro ligada 14 ta jamoa ishtirok etmoqda. Umuman olganda, tub o'zgarishlar yo'q, biroq Superliga yo'llanmasi uchun kurashayotgan bir nechta jiddiy davogarlar bor.
- Navbatdagi raqib - "Paxtakor farm". Yoshlardan iborat jamoaga qarshi bahsdan nimalar kutyapsiz?
- Ushbu o'yinga qizg'in tayyorgarlik ko'ryapmiz. Ular yosh va iqtidorli jamoa, bahs oson bo'lmasligi aniq. Biroq bizning o'z oldimizga qo'ygan aniq maqsadlarimiz bor va ularga erishish uchun maydonga tushamiz.
- Jamoadagi ichki raqobatga qanday qaraysiz?
- Tarkibimizda 25 nafar yuqori saviyali futbolchi bor va har bir poziciyada kamida ikki nafardan teng kuchli o'yinchi mavjud. Kechagi uchrashuvda ham zaxiradan maydonga tushgan 5 nafar futbolchi o'yin tempini oshirib, jamoaga sezilarli yordam berganini ko'rdik.