APL sobiq yulduzi boksdagi debyutida qaqshatqich mag'lubiyatga uchradi

  • Mr.NoBoDy 19.04.2026 20:08
  • 1171
  • 30

"Aston Villa"ning sobiq yulduzi boksdagi ilk jangida "Lids Yunayted"dagi sobiq jamoadoshidan qaqshatqich zarba qabul qilib oldi.

Muxlislar futbolchilarning faoliyatini yakunlaganidan so'ng g'alati kasblarni tanlashiga o'rganib qolishgan. Biroq Angliya yuqori divizionidagi o'yinlari bilan tanilgan ushbu futbolchi boksdagi debyutida uchragan sharmandali mag'lubiyatidan so'ng o'zini hech kim tanimasligini xohlagan bo'lardi.

"Aston Villa"ning sobiq yulduzi Ross Makkormak boksdagi ilk qadamlarini tashladi. Ammo "Lids Yunayted"dagi sobiq jamoadoshi Mett Kilgallonga qarshi kechgan bu jang u uchun unutuvga loyiq tunga aylandi. Makkormak "Pro Project Promotions" tomonidan tashkil etilgan "A Night To Remember II" turnirining birinchi raundidayoq nokautga uchradi.

2024 yilda faoliyatini yakunlagan 39 yoshli sobiq futbolchi uchun ringdagi oqshom omadsiz keldi. U raqibiga o'ng qo'lida zarba berishga uringan vaqtida mag'lubiyatga yuz tutdi. Kilgallon zarbadan chapdastlik bilan qochib, bunga javoban kuchli chap ilmoq (huk) zarbasini yo'lladi va shotlandiyalikni erga qulatdi.

"Daily Mail" nashrining xabar berishicha, Makkormak ring burchagiga qulagan va hakam sanog'i yakunlangunga qadar o'rnidan tura olmagan. Biroq jang tugagach, u o'ziga kelib, sobiq jamoadoshini quchoqlagan holda tabrikladi.

Mazkur musobaqalar "Arsenal" va "Xibernian"ning sobiq darvozaboni Grem Stek tomonidan tashkil qilinadi hamda undan tushgan minglab funt sterling mablag'lar xayriya ishlariga yo'naltiriladi.

Ўхшаш янгиликлар