
Ijtimoiy tarmoqlarda Lego va FIFA’ning “Har kim o‘z ulushini xohlaydi” (Everyone Wants a Piece) reklamasida suratga tushgan Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi, Kilian Mbappe va Vinisius Juniorning daromadlari haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Qayd etilishicha, ushbu rolik uchun eng katta mablag‘ “Al-Nassr” va Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronalduga to‘langan — 8 million yevro.
Futbolchilarning xizmat haqlari (gonorarlari):
Krishtianu Ronaldu: 8 mln yevro
Lionel Messi: 5 mln yevro
Kilian Mbappe: 5 mln yevro
Vinisius Junior: 4 mln yevro
Lego guruhi tomonidan taqdim etilgan ushbu maxsus to‘plamlar 2026 yil 1 maydan sotuvga chiqishi kutilmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, yuqorida keltirilgan summalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan insayderlik ma’lumotlari bo‘lib, kompaniya tomonidan rasman tasdiqlanmagan. Biroq, bu kabi yirik brendlar bilan hamkorlikda futbol yulduzlari odatda aynan shu darajadagi gonorarlarni qabul qiladi.
Lego guruhi 2026 yilgi Jahon chempionati arafasida to‘rt nafar yulduz ishtirokida maxsus Lego Editions minifiguralar to‘plamini va reklama roligini taqdim etdi.
Kolleksiyaning eng murakkab va yirik qismi — Lionel Messi Celebrations to‘plamidir. Tajribali kolleksionerlar uchun mo‘ljallangan ushbu model 1 427 ta detaldan iborat bo‘lib, devorga osish mumkin bo‘lgan 3D-displey formatida ishlangan. Unda Messining klassik g‘alaba harakati (ikkala qo‘lini osmonga ko‘targan holati) tasvirlangan. Model ichiga uning faoliyatidagi eng yorqin lahzalarga ishora qiluvchi ko‘plab yashirin detallar joylashtirilgan.
Ushbu to‘plamlar futbol muxlislari uchun JCH—2026 arafasidagi eng kutilgan suvenirlardan biriga aylanishi taxmin qilinmoqda.