
Mersisaydliklar Istanbuldagi (bitta to'p farqi bilan) mag'lubiyatdan keyin biroz noqulay vaziyatda qolgandi. Hisob turklarni qanoatlantirar, inglizlar esa hujumga borishga majbur edi. Va bu javob bahsining scenariysini belgilab berdi. Odatda o'yin tahlilida xavfli vaziyatlar, gollar borasida ko'proq gap yuritiladi, ammo bu safar boshqacharoq bo'ladi.
Sakkizinchi daqiqada Ibraima Konate nigeriyalik Viktor Osimxenni yiqitdi va hujumchi uzoq vaqt maydonda yotdi. O'rnidan turgach, Dominik Soboslai bilan tortishib ketdi. Bu to'xtalish 3-4 daqiqaga cho'zilib ketdi, Osimxen esa shifokorlar yordamidan keyin, bog'langan qo'l bilan maydonga qaytdi. 13-daqiqada Sasha Boe maydonga quladi. Bir daqiqa o'tib, Mario Lemina yiqitildi. Boening keyingi yiqilishidan keyin texnik hududdagi Arne Slotning qo'llarini musht qilib, nimadirlarni qichqirardi.

20-daqiqada Aleksis Mak Allister butsisining tishlari bilan Lukas Torreyraning oyog'ini bosib oldi va urugvaylik futbolchi naqadar kuchli og'riqni his qilayotganini barchaga ko'rsatdi. Slot mana shu pallada kaftini ochib, qo'lini yuqoriga ko'targancha raqiblarning nechanchi bor maydonga yiqilayotganiga ishora qilard. Vaholanki, barcha vaziyatlarda turk klubi vakillari mug'ombirlik qildi, deya olmaymiz. «Galatasaroy» futbolchilariga raqib bilan bazi to'qnashuvlaridan keyin chinakamiga havas qilib bo'lmasdi. Misol uchun Osimxen tanaffusgacha qo'lidagi og'riq bilan harakat qilib ko'rdi, biroq tanaffusda majburiy ravishda alishtirildi. Bu holat «Liverpul» muxlislari yaxshi eslaydigan Ramos va Saloh vaziyatini eslatib yuborgandek. Raqibning asosiy kuchi o'ziga xos usul bilan, balki atayin emasdir, zararsizlantirildi.


«Liverpul» tanaffusgacha hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi. Ko'rinib turibdi, bu tayyorlangan kombinaciya. Mak Allister to'pni pastdan ikkinchi chiqiziqqa yo'naltirdi, himoyachilarning asosiy etibori jarima maydonchasida bo'lib qolgan va inglizlar holatni o'zgartirishga imkon qoldirishmadi, natijada, Soboslai qulay nuqtadan ortiqcha qarshiliksiz gol urishga muvaffaq bo'ldi. Darhol «Liverpul»da yana bir nechta xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. Muhammad Saloh darvozabon bilan birga-bir chiqib, Florian Virc undanda qulayroq vaziyatdan darvozani ishg'ol qila olishmadi.
Birinchi bo'lim yakunlanishi arafasida yana o'sha Soboslai penalti ishladi, ammo Salohning zarbasi... Misrlikning o'zi ham bu vaziyatga izoh bera olmasa kerak. Darvozabon to'pni qaytardi va hisob o'zgarmay qoldi. Biroq ikkinchi bo'limda Muhammad aybini yuva oldi. U avvaliga Ugo Ekitikega golli uzatma etkazib berdi. Ikki daqiqa o'tib, Salohning xavfli zarabasidan keyin qaytgan to'pga Rayan Gravenberx birinchi bo'lib etib bordi — 3:0.

Omadsiz penaltini barcha unutishi uchun «Liverpul» yulduzi o'zi ham bitta gol urdi. Etiborli jihati uning goli alohida etirofga loyiq — uzoq to'qqizlikka ideal zarba. Tablodagi hisob 4:0, lekin mezbonlar to'xtash haqida o'ylamasdi ham. 67-daqiqada misrlikning zarbasidan keyin to'p darvoza to'siniga tegib qaytdi. Mana shu vaziyatdan ko'p o'tmay u o'zini alishtirishlarini so'radi va uning o'rniga Gakpo tushirildi.

Bellashuvning oxirgi daqiqalarida mersisaydliklar jarayondan zavqlanib harakat qilishdi. «Galatasaroy» tarkibida esa kam uchraydigan jarohat yuz berdi. Noa Lang maydon chetidagi reklama bortiga urilib, katta ehtimol bilan barmog'ini sindirib oldi. To'g'risi, asabi bo'shlar ko'rmaydigan vaziyat bo'ldi. Zaxiradan o'yinga qo'shilgan futbolchi majburiy ravishda alishtirildi. Stadionga to'plangan muxlislar olqishi ostida bo'lsa-da, maydonni Noa o'zi tark eta olmadi. Amalda mana shu pallada o'yin yakuniga etdi. Shuningdek, hakamlar «Liverpul»ning yana ikkita golini inobatga olishmaganini takidlash mumkin: birinchisi — Jeremi Frimpongning yaqqol ofsaydi tufayli bo'lsa, ikkinchisi — Virdjil van Deykning «Galatasaroy» darvozaboniga nisbatan qayd etilgan foli tufayli. Mana shu vaziyat bazi savollarga sababchi bo'ldi.