
"O'yinni yaxshi boshlay olmadik. Balki maydonni tozalash kerakligi uchun ko'p kutib qolib ketgandirmiz. Ikkinchi bo'limda o'zimizga ikkita gol olib keldik. Yigitlarni tanimadim, ertaga buni tahlil qilib chiqamiz va xulosalar chiqaramiz", — dedi Kamoliddin Tojiev mag'lubiyatdan so'ng.
- Bugungi mag'lubiyatdan so'ng Superkubok finalidagi imkoniyatlar pasayib ketmaydimi?
- Yo'q. Final bitta o'yindan iborat. Bilmayman, bugun bizga nima bo'ldi. Barchasini tahlil qilamiz.
- Dastlabki ikki turda Hamdamov va Pajishekni zaxiradan maydonga tushirgan edingiz. Bugun esa polshalik hujumchini asosiy tarkibda ko'rdik. Ushbu qaror o'zini qanchalik oqladi?
- Bugun butun jamoa yaxshi o'ynay olmadi. Nima bo'lganini bilmayman, ochig'i. Shuning uchun tahlil qilib chiqamiz deb aytyapman.

- "Paxtakor" bugun raqibdan o'yinning barcha jabhalarida ortda qolganini tan olasizmi? Balki qaysidir jihatlar bo'yicha jamoangiz yaxshiroq bo'lgandir.
- Barcha aspektlarda demagan bo'lardim. O'zimizga yo'q joydan ikkita gol olib keldik. Nega penalti olib kelganimizni bilmayman. Boshqa ko'zga ko'rinarli vaziyat bo'lmadi.
- Sergeev va Hamrobekovni "Paxtakor"da ko'rishimiz mumkinmi? Agar FIFA ruxsat bersa?
- Ko'ramiz. Birinchi navbatda FIFA bunday imkoniyatni taqdim etishi kerak. Shundan so'ng muzokara olib boramiz.
- Penalti belgilanishidan oldin ham Ibragimov qoida buzgan edi. 11 metrlik jarima zarbasi ham uning xatosi tufayli belgilandi. Ibragimovni zaxiraga olishga kechikdim deb o'ylaysizmi? U bugungi o'yin biroz asabiylashib ketgandek tuyuldi...
- Ibragimov biroz asabiy o'yinchi. Bu futbol. Ko'rib chiqamiz va nima ro'y berganini bilib olamiz. Uni oldinroq zaxiraga olmoqchi edim.
- Noqulay ob-havo sharoiti jamoangiz o'yiniga qanchalik tasir qildi?
- Ob-havo ikki jamoa uchun ham bir xil edi.
- Timur Kapadze hozirgina ushbu uchrashuvga juda jiddiy yondashgani haqida aytib o'tdi. "Paxtakor"ning bugungi mag'lubiyatida murabbiylarning shtabi qanchalik aybdor? Raqib jamoa murabbiylar shtabi aynan bugungi uchrashuvda o'ta jiddiy tayyorgarlik ko'rgan ekan.
- Bunga javobni o'yinni tahlil qilib bo'lganimizdan so'ng bilib olamiz.
- Ikkinchi bo'limning startida o'tkazib yuborilgan gol o'yinga qanchalik tasir qildi?
- Birinchi daqiqadayoq gol o'tkazib yubordik.
- Hakamlarning ishiga baho berib o'tsangiz?
- Bu haqda gapirmayman.