
"Barchani g'alaba bilan tabriklayman. Bugun tarixiy g'alabaga erishildi. "Navbahor" safarda mag'lub etmaganiga 31 yil bo'lgan ekan. Barcha yigitlarga rahmat. Muxlislar ham sovuqda bizni yolg'izlatib qo'ymadi. O'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik va qor biroz tashvishga soldi, ammo rejalarimizga tasir o'tkazmadi", - dedi Timur Kapadze tarixiy g'alabadan so'ng.
- O'tgan uchrashuvda "Buxoro"ga qarshi o'yin qiyin kechgandi. Ular o'ziga ham futbol o'ynamaydi va raqibga ham o'ynashga bermaydi degan edingiz. Bugun raqib "Paxtakor" ekanligi biroz engillik berdimi?
- Futbolni qurishdan ko'ra, uni buzish osonroq. "Buxoro"ga qarshi qiyin o'yin bo'ldi, lekin o'yinni tahlil qilib chiqdik. Kamchiliklar ustida ishladik. "Paxtakor"ni o'rganib chiqdik va o'yinga alohida reja tuzdik. Menimcha, bugun o'yin bo'yicha raqibdan ustun edik. "Paxtakor"ga qarshi o'yin har bir raqibga alohida motivaciya degani. "Paxtakor"ni yutish juda yoqimli.

- Ikkinchi bo'limda intensivlik oshishining sababi nimada?
- Ikki bo'limda ham o'ziga yarasha jihatlar bo'ldi. Qaerdadir qo'shdik, qaysidir vaziyatda raqibga ustunlikni berdik. "Paxtakor" jiddiy raqib. Bugun esa raqibdan kelib harakat qildik.
- Dastlabki ikki tur bilan solishtirganda qanotlarda va hujum chizig'ida rotaciyaga qo'l urdingiz. Bugungi rotaciyaning sababi nimada?
- Har o'yinda rotaciya qilyapmiz. Sababi har bir futbolchiga imkoniyat berib ko'rishim kerak. Tarkibimiz yaxshi. Har bir poziciyaga ikki nafardan futbolchimiz bor. Avvalgi ikki raqibimiz ham bizdan bir kun ko'proq dam olgandi. Bularning barchasini inobatga olgan edik. Kimdir birinchi bo'limda, qolganlar esa ikkinchi bo'limda maydonga qo'shiladi. Bugun asosiy tarkibdan o'rin olganlar ham o'zini yaxshi ko'rsatdi.
- "Navbahor" Eron klublarida to'p tepayotgan legionerlarimizni o'z safiga qo'shib olishi mumkinmi?
- FIFA ruxsat bersa, harakat qilamiz. Agar ruxsat olinsa, gaplashib ko'rgan futbolchilarimiz bor. Ko'ramiz, nasib qilgan bo'lsa agar. Eronda yigitlarimizni har bir klub o'z safiga qo'shib olishni istaydi.