
Madridning «Atletiko» jamoasi hujumchisi Xulian Alvares 2026 yilgi jahon chempionatidan so‘ng «Barselona»ga o‘tadi. Argentinalik forvardning ehtimoliy transfer qiymati taxminan 70 million yevroni tashkil qilishi mumkin. Bu haqda The Touchline nashri TyC Sports jurnalisti Ugo Balassonga tayanib, X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 26 yoshli futbolchi sovrinlar yutish imkoniga ega bo‘lgan jamoada to‘p surishni istamoqda.
Alvares «Atletiko» safida 2024 yil yozidan buyon o‘ynab kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 35 ta uchrashuvda ishtirok etib, 13 ta gol va 6 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 100 million yevroni tashkil etadi.