
Dortmundning «Borussiya» klubi o‘zining rasmiy saytida yozgi transfer haqidagi ma’lumotni e’lon qildi. «Arilar» tarkibini himoyachi Kauan Prates to‘ldiradigan bo‘ldi.
Yozgacha Prates «Kruzeyro» safida o‘ynashda davom etadi. So‘ngra yosh futbolchi «Borussiya» tarkibiga qo‘shiladi. Shu haftada braziliyalik futbolchi tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va 2031 yilning o‘rtalarigacha mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekdi.
Avgust oyida Kauan Prates o‘zining 18 yoshini nishonlaydi. Futbolchi himoyaning chap qanotida ham, markaziy himoyachi sifatida ham o‘ynash qobiliyatiga ega.
Hozirda «Borussiya» Bundesliga turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoaning «Bavariya»dan ortda qolishi olti ochkoni tashkil etadi.