Bugun chempionlik hal etilmadi. Endi nima bo'ladi?

  • Mr.NoBoDy 20.11.2026 23:24
  • 51
  • 30

Bugun Superliganing 28-turi doirasidagi ikki markaziy o'yin o'tkazildi.

Vodiy derbisi va Poytaxt derbisida mezbonlar irodali g'alabalar qayd etishdi.

Shu orqali Superliganing 2026 yilgi mavsum chempioni ushbu turda aniqlanmaydigan bo'ldi. Hattoki, kuchli uchlik sifatida ajralib chiqqan 3 jamoaning ham o'rni aniq emas.

“Neftchi”ning chempionlik uchun imkoniyatlari juda yuqori. Aslida bu bugun ham hal bo'lishi mumkin edi, “Lokomotiv”ning “yordamidan” "farg'onaliklar foydalana olishmadi. Ammo oldindagi ikki o'yindagi bir ochko ham jamoani ketma-ket ikkinchi chempionlik sari etaklaydi. Bu deyarli hal bo'lgan masala va bu keyingi turdayoq hal bo'lishi, “Neftchi”ga sovrin o'z uyida topshirilishi mumkin.

Superliganing so'nggi 2 turida esa jiddiy intriga bor: 2-o'rin masalasi.

20-turda “Paxtakor” o'zaro o'yin hisobiga peshqadamlikka ham chiqib olgan, “Navbahor” bilan oradagi farq esa 7 ochkoni tashkil qilardi. Endi esa jamoa 2-o'rinni saqlab qolish uchun harakat qilishi kerak. Aks holda, kelasi yil uchun xalqaro maydonlar “qulog'ini ushlab ketadi”.

Vodiy derbisidagi “Navbahor”ning g'alabasi va Poytaxt derbisidagi “Paxtakor”ning mag'lubiyatidan keyin jamoalar orasidagi farq 1 ochkoni tashkil etmoqda.

“Navbahor” ayni damda juda ajoyib jismoniy holatda: jamoa so'nggi 16ta o'yinda mag'lub bo'lmadi. Oldindagi raqiblar esa ligada “jon saqlab qolish uchun” kurashayotgan “So'g'diyona” va “Qo'qon-1912”. “Paxtakor” ham “So'g'diyona” bilan o'ynaydi va “Qizilqum”ga qarshi bahs ham bor.

“Navbahor”ning xalqaro maydon uchun boshqacharoq yo'li ham bor: Kubok.

Hozirgi holatda Superligada 2-o'rinni olgan jamoaga eng kamida OCHL 2 musobaqasi kafolatlanadi. 3-o'rin esa kelgusi yilda faqatgina ichki chempionat bilan kifoyalanishi mumkin (lekin buning ham istisnolari bor).

Agarda “Navbahor” ham 2-o'rinni, ham Kubokni olsa, “Paxtakor” 2-darajali OCHLda o'ynaydi.

Hullas, Kubokda ham chempionatda ham intrigalar etarlicha. Hali o'tish o'yinlarida o'ynaydigan jamoalar uchun ham anchagina mehnat bor.

Superliganing super onlari hali oldinda.

Ўхшаш янгиликлар