
Futbolchining aytishicha, 2022 yilgi jahon chempionati saralash bosqichida O'zbekiston milliy terma jamoasining o'sha paytdagi bosh murabbiyi Vadim Abramov u bilan bog'langan va jamoaga jalb qilish niyatini bildirgan.
"2022 yilgi jahon chempionati saralash o'yinlari vaqtida menga taklif bo'lgan! O'shanda, 2021 yilda saralash musobaqasi eski tizimda o'tkazilardi. Jamoalar avval birinchi guruh bosqichidan o'tishi, keyin esa navbatdagi bosqichda katta guruhga jamlanishi kerak edi.
O'sha paytdagi bosh murabbiy Abramov men bilan aloqaga chiqqandi. Biz kelishib olgandik. U O'zbekiston birinchi guruh bosqichidan o'tsa, keyingi bosqichda jamoaga yordam berishimni xohlayotganini aytgandi.
Men ham rozi edim, albatta, bundan xursand bo'lgandim. Pasportim tayyor edi, hamma narsa hal qilingandi. Ammo ular guruhdan chiqa olishmadi!
O'sha o'yindan keyin na o'rtoqlik uchrashuvlari, na saralash bahslari bo'ldi. Deyarli bir yil davomida terma jamoa o'yin o'tkazmadi. Men esa o'sha paytda 33–34 yoshda edim. Shu bilan bu masala yopildi. Bu imkoniyat amalga oshmaganidan juda afsuslanganman", – dedi Cheran.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston milliy terma jamoasi 2022 yilgi jahon chempionati saralashining ikkinchi bosqichida Saudiya Arabistonidan keyin guruhda ikkinchi o'rinni egallagan va hal qiluvchi bosqichga yo'llanma ololmagan edi.