Nani "Aktobe"dan ketayotganini e'lon qildi

  • Mr.NoBoDy 27.10.2026 12:56
  • 289
  • 30

Portugaliyalik futbolchi Luish Nani "Aktobe" safida o'zining so'nggi uy uchrashuvini o'tkazgani haqida ma'lumot berdi.

Bu haqda u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi.

"Manchester Yunayted"ning 39 yoshli sobiq futbolchisi iliq qabul va birgalikda bosib o'tilgan yo'l uchun klubga, shahar ahliga hamda butun Qozog'istonga minnatdorlik bildirdi.

Mavsumning so'nggi bahsida "Aktobe" Qo'stanayga safar uyushtirib, "Tobol" mehmoni bo'ladi.

"Bu Aktobedagi oxirgi uy o'yinim bo'ldi. Sarguzashtimiz o'z yakuniga etmoqda, ammo qanday ajoyib yo'lni birgalikda bosib o'tdik! Ushbu ajoyib klubdagi barchaga, mazkur shaharning go'zal insonlariga va butun Qozog'istonga birgalikda boshdan kechirganlarimiz hamda meni shunchalik samimiy qarshi olganingiz uchun rahmat. Oldinda chempionat doirasidagi yana bir o'yin bor, lekin hozirdanoq faoliyatimning ushbu bosqichidagi iliq xotiralar qalbimda abadiy qolishini ayta olaman", – deb yozdi Nani.

Eslatib o'tamiz, portugaliyalik vinger "Aktobe" safiga 2026 yilning yanvar oyida kelib qo'shilgandi. Uning shartnomasi mavsum oxirigacha mo'ljallangan.

Futbolchi chempionat doirasidagi 23 ta o'yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Qozog'iston Kubogida esa Luish 2 ta o'yinda ishtirok etib, 2 ta to'p kiritdi.

Nani "Manchester Yunayted" safidagi o'yinlari orqali mashhurlikka erishgan bo'lib, u yerda Chempionlar Ligasida zafar quchgan va to'rt karra Angliya chempioniga aylangan. Shuningdek, u Portugaliya terma jamoasi safida 2016 yilgi Yevropa chempioni hisoblanadi.

Ўхшаш янгиликлар