“Al Ittihod” ustozi: “Neftchi”ga qarshi yirikroq hisobda g'alaba qozonishimiz mumkin edi”

  • Mr.NoBoDy 27.10.2026 08:48
  • 495
  • 30

Saudiya Arabistonining “Al Ittihod” klubi bosh murabbiyi Yens Vissing Osiyo Chempionlar ligasi Elit turniri 3-turidan o'rin olgan “Neftchi”ga qarshi uchrashuvdan (2:1) so'ng o'z fikrlarini bildirdi.

Germaniyalik mutaxassis Farg'ona jamoasiga qarshi bahs oson kechmaganini ta'kidlab, shogirdlari yirikroq hisobda g'alaba qozonishi mumkin bo'lganini qayd etdi.

“Kuchli raqibga qarshi qiyin o'yin o'tkazdik. Birinchi bo'limda ayrim qiyinchiliklarga duch keldik. Ko'plab golli vaziyatlar yaratdik va ulardan samaraliroq foydalanishimiz mumkin edi. Hisob yanada yirikroq bo'lishi ham mumkin edi. Biroq eng muhimi - g'alaba qozonib, uch ochkoni qo'lga kiritdik”, - dedi Vissing.

Shuningdek, “Al Ittihod” ustozi Jorjino Veynaldumning almashtirilishi bilan bog'liq bahsli vaziyat va hakamning xatosi haqidagi savolga ham javob berdi.

“Ha, bu kichik xato edi. Xato qilish hammada bo'ladi, menda ham, hakamda ham. Men uchun eng muhimi - o'tkazib yuborilgan goldan keyin futbolchilarning qanday munosabat bildirgani va g'alabaga erisha olgani. Bu vaziyatda jamoamizning ham xatosi bor edi”, - dedi murabbiy.

“Al Ittihod” yarim himoyachisi Hussam Auar ham “Neftchi”ga qarshi uchrashuv murakkab kechganini ta'kidladi.

Uning so'zlariga ko'ra, kuchli raqibga qarshi hisobdagi noqulay vaziyatni o'zgartirish oson emas. Futbolchi jamoasi ko'proq gol urishi kerak bo'lganini tan olgan holda, o'yinchilarning irodasi va g'alabaga bo'lgan intilishidan mamnun ekanini bildirdi.

Ma'lumot uchun, “Al Ittihod” Farg'onada bo'lib o'tgan uchrashuvda “Neftchi”ni 2:1 hisobida mag'lub etib, musobaqadagi ilk g'alabasini qo'lga kiritdi.

Ўхшаш янгиликлар