
"Kutganimdek, bu og'ir o'yin bo'lishini bolalarga o'yindan oldin takidlagan edim. Shunaqa ham bo'lib chiqdi. "Guliston" jamoasi ham shijoatli harakat qildi. Men har doim aytaman, mentalitetimizni o'zgartirishimiz kerak. Futbolda hamma narsaga ega bo'lish mumkin, agar shijoat bo'lmasa, judayam qiyin. Birinchi bo'limda ham muxlislardan uzr so'rayman, yigitlarni o'yiniga... Bu mensimaslik ochiq-oydin ko'rindi. Endi bir yoqdan tushunishimiz mumkin, qaysi ligada o'ynayotganiga qarab turib baho beradi, lekin maydonda tirik insonlar harakat qiladi-da. Shuni hisobga olinmagani uchun shunaqa og'ir o'yin bo'ldi. Lekin ikkinchi bo'limda o'z o'yinimizni topib, haqli ravishda keyingi etapga chiqdik.
O'shaning uchun ham echinish xonasiga kirganda aytaman, homiy topishibdi mana shunaqa o'yinlarga, "Validol" degan bor-ku. 25-sanadagi o'yinga tayyorgarlik ko'rishimiz kerak. Bundan yigitlar to'g'ri xulosa chiqarishi kerak, nimagaki o'ynaydigan ular, maydonda harakat qiladigan futbolchilar. Bizlar yomonlik tilamaymiz, to'g'ri yo'nalish ko'rsatamiz. Kim shundan to'g'ri xulosa chiqarsa, karerasi ham yaxshi bo'ladi, yaxshi futbol ham o'ynaydi, zavqlanib. Bu ular uchun xulosa chiqarish uchun yaxshi dars bo'ldi.
Men "Guliston"ga aytgan bo'lardim, o'z ligasida ham mana shunaqa shijoat bilan o'ynashni. Faqat bizlarga qarshi emas, o'zi futbolni shunaqa o'ynash kerak-da. Shuni tushunishsa, farqi yo'q quyi ligada bo'ladimi, yaxshi bo'ladi. Lekin judayam qiziqarli o'yin bo'ldi. Muxlislarga minnatdorchilik bildiraman, qo'llab-quvvatlashdi, "Guliston"dan kelishdi. Yaxshi muxlislik qilishdi", - deya gap boshladi Mirjalol Qosimov.
- "Guliston" jamoasi yosh, Birinchi ligada o'ynayapti. Murabbiy sifatida o'zingiz bu jamoa haqida nima deya olasiz? Jamoa masalan Pro ligaga chiqsa, nima kutish mumkin?
- Agarda, hozir aytganimdek, mentalitetimizni o'zgartirib faqat bir yilda bir marta emas, masalan har doim shu tarzda harakat qilinsa, bemalol o'ynay oladi. Bemalol hammaga bosh og'riq bo'la oladi. Hozir kelishingizdan oldin ham aytdim, ular hamma narsaga ega: texnikaga ham, jismoniy tarafdan ham, fikrlashda ham. Agarda futbolchiga eng kerakligi - o'sha shijoati bo'lishi kerak. Beparvo bo'ldimi, mensimadimi, hurmat qilmadimi, o'yini ham chiqmaydi, yutuqlar ham bo'lmaydi.