
Unda Yevropaning kuchli beshligida kun davomida qayd etilgan eng kutilmagan hisoblar, aqlbovar qilmas kambeklar va statistikaga qarab tushuntirish qiyin bo'lgan o'yinlarni saralab boramiz.
Birinchi sonda 5 sentyabrning o'zida o'tkazilgan ayrim uchrashuvlar etarli bo'ldi.
Kunning asosiy voqealari Germaniyada bo'ldi: 3:1 hisobida yutayotgan jamoa yakunda imkoniyatni boy berdi, boshqasi 2:0 ustunlikni saqlab qololmadi, “Bavariya” esa to'pga 83 foiz egalik qilib, gol ura olmadi.
Italiyada ham drama - “Napoli” uch daqiqa ichida ikki marta gol urdi, ammo Milandan ochkosiz qaytdi. Bularga qo'shimcha ravishda Ispaniyada ham kunning yana bir kutilmagan natijasi qayd etildi.
56-daqiqada tabloda 3:1 hisobi turardi. Myonxengladbax o'z maydonida ikki to'p farqi bilan oldinda va o'yin nazoratda ko'rinardi. Ammo qolgan vaqtda hammasi teskari ketdi.
66-daqiqada Moris Krattenmaxer farqni qisqartirdi, 80-daqiqada Feliks Keydel hisobni tenglashtirdi. “Elversberg” 3:3 bilan ham qanoatlanmadi: 90+2-daqiqada Krattenmaxer yana gol urdi - 3:4.

Hisobning o'ziyoq ko'p narsani aytib turibdi, statistika esa natija tasodif emasligini ko'rsatadi. “Borussiya” 25 marta zarba berdi va 13 ta burchak to'pi ishladi. “Elversberg”da zarbalar atigi 14 ta, ammo shularning 10 tasi darvoza tomon aniq yo'llangan. xG - 2,35 ga 2,03.
Yana bir jihati bor. “Elversberg” o'z tarixida ilk bor Bundesligada o'ynayapti. Jamoa debyutning o'zida “Bayer”ni 3:2 hisobida enggandi. Endi esa 3:1 hisobidagi mag'lubiyatdan chiqib keta oldi.

Bundesliga debyutanti hozircha jadvalda “Bavariya”dan ham yuqori - uchinchi o'rinda.
“Elversberg”ning kambeki Bundesligada kechaning yagonasi emasdi.
Leon Avdullaxu birinchi bo'lim oxirida “Xoffenhaym”ni oldinga olib chiqdi, 54-daqiqada Tim Lemperle hisobni 2:0 qildi. “Xoffenhaym”ga qolgan vaqtda shu ustunlikni saqlab qolishning o'zi kifoya edi. Biroq dosh bera olishmadi.
61-daqiqada Seru Girassi bitta golni qaytardi. Oradan besh daqiqa o'tib Fabio Silva hisobni tenglashtirdi. 86-daqiqada esa Alijon Haydarining avtogoli kambekni yakunladi - 2:3.

“Xoffenhaym” o'yin bo'yicha raqibidan qolishmagandi. To'p nazorati - 60:40, zarbalar - 18:11, aniq zarbalar - 6:4, burchak to'plari - 10:3.
Lekin vaziyatlar sifatiga qaralsa, manzara boshqacha. “Dortmund”ning xG ko'rsatkichi 2,02, “Xoffenhaym”niki esa 1,18.
“Dortmund” shu tariqa ikkinchi turda ikkinchi g'alabasini qo'lga kiritdi va 6 ochko bilan ikkinchi o'ringa chiqdi. “Xoffenhaym” esa ikki turdan keyin ham ochkosiz bo'lib turibdi.
Bu yerda ettita yoki beshta gol yo'q. Lekin o'yin statistikasini ko'rgan odamning birinchi savoli boshqacha bo'ladi: bu bahs qanday qilib 0:0 tugadi?
To'p nazorati - 17:83.
Zarbalar - 4:15.
Aniq zarbalar - 1:5.
Burchak to'plari - 0:11.
Katta vaziyatlar - 0:6.
xG - 0,21:2,10.
Hisob esa o'zgarmadi - 0:0.
“Bavariya” deyarli butun o'yin davomida to'pni o'zida ushladi, oltita katta vaziyat yaratdi, ammo Loris Karius darvozasiga gol ura olmadi.

Bu “Shalke” uchun mavsumdagi dastlabki ochko. Jamoa ikki turdan keyin ham gol urgani yo'q, to'plar nisbati - 0:3. Lekin shu yagona ochkoni “Bavariya”dan olishning uddasidan chiqdi.
Myunxenliklar esa ikkinchi turdayoq ilk ochkolarini yo'qotdi va 4 ochko bilan to'rtinchi o'rinda bormoqda.
Birinchi bo'limda gol urilmadi. Ikkinchisi boshlanishi bilan esa o'yin birdaniga ochilib ketdi.
50-daqiqada Matteo Politano “Napoli”ni oldinga olib chiqdi. 53-daqiqada Xoylund hisobni 0:2 qildi. Uch daqiqa ichida ikkita gol - “Napoli” uchun bundan yaxshiroq startni tasavvur qilish qiyin.
56-daqiqada Lautaro Martines hisobni qisqartirdi. “Inter” shundan keyin bosimni oshirdi va 82-daqiqada Markus Tyuram hisobni tenglashtirdi.

Eng muhimi oxiriga qolgandi. 90+1-daqiqada Lautaro yana gol urdi va dubl qayd etdi - 3:2. “Napoli” 53-daqiqada ikki to'p farqi bilan yutayotgan o'yindan ochkosiz ketadigan bo'ldi.
“Inter”ning kambeki raqamlarga qaraganda ham mantiqiy. Milanliklar 29 marta zarba berdi, to'pga 63 foiz egalik qildi va 10 ta burchak to'pi ishladi. xG - 3,19. “Napoli”da bu ko'rsatkich 2,25.
Shu bilan “Inter”ning ideal starti davom etdi: 3 o'yin, 3 g'alaba, 9 ta urilgan gol va 9 ochko. Jamoa A Seriyada peshqadam. “Napoli”da esa uch turdan keyin ikki mag'lubiyat va 3 ochko bor.
Ispaniyadan desert. Birinchi bo'limda gol ko'rmadik. Ikkinchi bo'lim boshlanganidan keyin esa “Atletiko”ga ikki daqiqa etarli bo'ldi - ikkita gol o'tkazish uchun.
Niko Uilyams 46-daqiqada hisobni ochdi. 48-daqiqada Robert Navarro ikkinchi golni urdi. 90-daqiqada Oyan Sanset nuqta qo'ydi - 3:0.

Hisob yirik, lekin “Atletiko” to'pga 62 foiz egalik qildi, zarbalarda 15:11, aniq zarbalarda 5:4, burchak to'plarida 8:3 hisobida ustun bo'ldi.
Biroq madridliklar butun o'yin davomida bitta ham golli vaziyat yarata olmadi. “Atletik”da esa bunday imkoniyat uchta. xG ham basklar foydasiga - 1,35 ga 0,86.

Bilbaoliklar uchun bu g'alaba ayni muddao bo'ldi. “Atletik” 4-turdan keyin 6 ochko to'plab, 8-o'rinda bormoqda. “Atletiko” esa 7 ochko bilan 6-pog'onada.
P.S.: aslida, maqolaga “Real” va PSJ o'yinlarini ham kiritish mumkin. Biroq, ushbu uchrashuvlar kalendar hisobida 4 sentyabr kuni bo'lib o'tgan edi. Rozi bo'lasiz.