
Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.
Tur murabbiyi - Aybek Nurbaev (“QMU Jayxun”)
“QMU Jayxun” ortda qolgan turda “Paxtakor farm” mehmoni bo'lib, yirik hisobda zafar quchdi (3:0). Nurbaev shogidrlari mazkur bahsda ancha ishonchli harakat qilib, yirik g'alabaga loyiq o'yin ko'rsatdi. Shunday qilib, mavsumda ilk bor g'alaba qozongan mutaxassis turning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Tur futbolchisi - Abdusalom Nuriddinov (“QMU Jayxun”)
Yuqorida takidlanganidek, “QMU Jayxun” bu turda “Paxtakor farm” darvozasiga javobsiz 3 ta to'p yo'lladi. Mazkur g'alabada jamoa tayanch yarim himoyachisi Abdusalom Nuriddinovning o'rni beqiyos. U uchrashuvda penaltidan gol urdi va 2 ta pre-assist qayd etdi. Shu tariqa, Championat.asia sayti aynan Nuriddinovni tur futbolchisi deb topdi.

Tur darvozaboni - Ozodbek Marupov (“Yaypan”)
“Yaypan” yakuniga etgan turda o'z uyida “G'azalkent”ga imkoniyatni boy berdi (1:2). Shunga qaramay, mezbonlar posboni uchrashuv mobaynida kamida 10 ta seyv namoyish etdi. O'tgan turlarda hech bir posbon bunchalik ko'p zarbani bartaraf etmagandi. Shunday qilib, haqiqiy performans namoyish qilgan 20 yoshli darvozabon tur darvozaboni sifatida etirof etildi.

Tur goli - Islom Sharipov (“Kattaqo'rg'on”)
“Kattaqo'rg'on” bu turda “BuxDU”ni mehmon qilib, minimal hisobda g'alaba qozondi (1:0). Uchrashuvdagi yagona golni yarim himoyachi Islom Sharipov urdi, urganda ham buni shunchaki ajoyib tarzda amalga oshirdi. Uning 28 metr masofadan jarima zarbasi orqali urgan goli turdagi eng chiroylisi bo'ldi.