"BuxDU" bosh murabbiyi Azamat Sharipov: "Hech kim ko'rmaydigan katta ishni amalga oshiryapmiz"

  • Mr.NoBoDy 30.04.2026 23:48
  • 529
  • 30

Proliga 6-turdan o'rin olgan "Kattaqo'rg'on" – "BuxDU" uchrashuvi 1:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "BuxDU" bosh murabbiyi Azamat Sharipov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- G'alaba bilan "Kattaqo'rg'on"ni tabriklayman. Bahs teng kurashlar ostida kechdi. Har ikki jamoada vaziyatlar bo'ldi. Birinchi taymda ikki bor golli vaziyatdan foydalana olmadik. Durangga mos o'yin bo'ldi. To'p kiritilgan holatda jarima zarbasi bor edi, yo'q edi, boshqa masala. Bu kabi uchrashuvlarda standartlar ko'p narsani hal qiladi. Jarima to'pidan gol o'tkazib mag'lub bo'ldik. Futbolchilarimiz qoida buzilmagandi deyishdi.

- Bugun jamoangiz Superligaga chiqishni maqsad qilgan jamoaga yaxshi qarshilik ko'rsatdi. "BuxDU" oldiga qanday vazifa qo'yilgan?
- Maqsadimiz mahalliy futbolchilarni tarbiyalash. 2005-2006-2007 yilda tug'ilgan futbolchilarni tarbiyalab Superliga jamoalariga berish. Tarkibimizda o'yin amaliyoti kam bo'lgan, ko'rikdan o'ta olmagan futbolchilar ham bor. Hozir shu futbolchilar ustida ishlayapmiz. To'g'ri yutqazyapmiz, lekin hech kim ko'rmaydigan katta ishni amalga oshiryapmiz.

- Jamoangiz o'yinini ilk bor stadionda kuzatdim va menga o'yin yoqdi. Odatda kuchli jamoalarga qarshi mehmonlar qarshi hujum taktikasini tanlaydi. Lekin siz tengma-teng o'yin ko'rsatdingiz.
- Biz "Kattaqo'rg'on" bilan bahsga alohida tayyorgarlik ko'rgandik, maqsadimiz ularni yuqorida kutib olish edi. Agar himoyada o'tirib ularga imkon berganimizda, raqib bizni ancha qiynab qo'ygan bo'lardi. Chunki "Kattaqo'rg'on" safida individual kuchli futbolchilar ko'p. Ularga hujum bermaganimiz evaziga o'yinimiz chiroyli ko'rindi. Hech bo'lmasa durangga umid qilgandik.

- Avvalgi bahslarda legionerlar o'yin taqdirini hal qilib "Kattaqo'rg'on"ga yordam berishgandi. Lekin bugun legionerlar unchalik ko'rinmadi. Ularni yopish borasida alohida ishlanganmidi?
- Albatta, biz har bir o'yindan oldin raqibni o'rganib chiqamiz va shunga yarasha hozirlik ko'ramiz. Raqibning uch nafar hujumkor futbolchisi kuchli ekanini bilardik. Agar ularga qarshi nimadir o'ylab topmaganimizda bizga qiyin bo'lardi. To'p ularga tushmasligi uchun pressing orqali o'ynadik.

- Bu yil Proligada universitetlar jamoasi ko'paydi. Shundan kelib chiqib "BuxDU" qanchalik universitet jamoasi deya olasiz?
- Tarkibimizning yarmi talabalardan iborat. Hammasi universitetda tahsil oladi. Shu tomonlama selekciya qiyinchilik tug'dirmaydi. Futbolchilarning o'zi o'qish uchun keladi. Bizda bosh jamoa "Buxoro" bor va U-21 jamoasi bor. Keyin biz bormiz. Kim qaysi jamoada o'ynasa foyda bo'lishini hal qilib olamiz.

Ўхшаш янгиликлар