Islom Ismoilov: "'Nasaf'ga qarshi o'yinda hakamlarga e'tibor bermaymiz. Ko'p fol ishlatayotganimiz taktika bilan bog'liq"

  • Mr.NoBoDy 15.04.2026 10:32
  • 586
  • 30

"Neftchi" bosh murabbiyi Islom Ismoilov Superliganing 7-turi doirasida "Bunyodkor"ga qarshi o'yindan so'ng (1:0) matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqida...

– Birinchi navbatda muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman. Farg'onadan kelib, doimiy ravishda bizni qo'llab-quvvatlashyapti. G'alaba bilan barchani tabriklayman. O'ylaymanki, yaxshi o'yin bo'ldi. Ikkala jamoa ham hujumkor o'yin ko'rsatishga harakat qildi. Agar vaziyatlardan to'liq foydalanganimizda, hisob bundan ham yirikroq ko'rinishga kelishi mumkin edi.

– "Neftchi" o'tgan tur o'z maydonida azaliy raqib "Paxtakor"ga mag'lubiyatga uchradi. Jamoani mazkur uchrashuvga psixologik jihatdan tayyorlash qanchalik qiyin kechdi?

– "Paxtakor" bilan o'yindan keyin futbolchilar bilan gaplashdik va mag'lubiyatni tezroq unutib, navbatdagi o'yinga tayyorgarlik ko'rish kerakligini tushuntirdik. Mag'lubiyat futbolda uchrab turadigan holat. Jamoa buni to'g'ri qabul qildi. "Paxtakor"ga qarshi o'yinda ham yomon harakat qilmagandik. O'yinlar orasi qisqa bo'lgani uchun, ko'proq e'tiborni tiklanishga qaratdik va futbolchilar bugungi o'yinga yuz foiz tayyor holatda tayyor bo'lib kelishdi.

– Jamoa keyingi o'yinda "Nasaf"ga qarshi o'tkazadi. "Nasaf" ishtirokidagi oxirgi ikkita o'yinida hakamlar bilan bog'liq vaziyatlar diqqat markazida bo'lib turibdi. Keyingi muhim o'yinda ham hakamlar natijaga ta’sir qilib qolishi mumkinligi xavotirga solmayaptimi?

– Bu "Nasaf" bilan sodir bo'layotgan holat.

– Masalan, "Neftchi"ning "Paxtakor"ga qarshi o'yinlarda ham bahsli holatlar bo'lgandi.

– Bu futbolning bir qismi. Shuning uchun bizning vazifamiz maksimal darajada harakat qilish va o'z o'yinimizni namoyish etish. Futbolda har xil holatlar bo'lib turadi. Shunisi bilan qiziq. Hammasini vaqt ko'rsatadi.

– "Neftchi" deyarli barcha o'yinlarda to'p nazoratida ham, paslarda ham ustunlik qilyapti, lekin bir jihat e'tiborimni tortdi. Oxirgi uchta-to'rtta o'yinni olsak, "Neftchi" raqiblariga nisbatan ko'proq fol ishlatayotgan ekan, hatto yiri hisobda mag'lub etilgan "Qizilqum"ga qarshi o'yinda ham. Bu raqibning tezkor hujumini oldini olish uchun maxsus taktik ishlanmami yoki futbolchilarning xatosi evaziga yuzaga kelayotgan holatlarmi?

– Biz yuqori chiziq bo'ylab o'ynashga, doimiy ravishda hujum uyushtirishga harakat qilyapmiz. Shuning uchun orqada juda katta bo'shliqlar qoladi. Agar raqib tezkor qarshi hujumga chiqib ketadigan bo'lsa, bo'shliqlardan bemalol foydalana oladi. Shuning uchun bu taktik holat bilan bog'liq. O'sha vaziyatdan kelib chiqib, imkon darajasida folsiz to'pni qaytarib olishga harakat qilamiz. Agar imkoniyat bo'lmagan taqdirda, fol ishlatishga majbur bo'lamiz. Shuning uchun follar ko'pligi bu jamoa yuqorida o'ynayotganidan dalolat. Agar darvozaga yaqin o'ynaydigan bo'lsangiz, avtomatik tarzda sizda follar kamayadi. Chunki futbolchilar darvozaga yaqin holatda bo'lganida kamroq fol qilishga harakat qiladi. Ko'proq hujum tashkil etayotganimizni inobatga olsak, bu taktik holat bilan bog'liq.

– "Neftchi" "Paxtakor"ga qarshi o'yinda to'qqizta zarba yo'llab, gol urolmadi, bugun ham yigirma ikkita zarbadan bitta gol urildi. Realizaciyani nisbatan yaxshiroq qilishda nima yetishmayaptimi?

– Unday demagan bo'lardim. Turnir jadvaliga qarasangiz, biz shu paytgacha nechta gol urdik? Agar bu realizaciya mavjud bo'lmaganda, qolgan o'yinlarda biz imkoniyatlardan foydalanmagan bo'lardik. Jamoada potencial bor. Lekin bu degani, siz doimiy ravishda uchta, to'rtta gol urasiz degani emas. Bugun, masalan, bemalol ta'kidlab o'tish kerak, "Bunyodkor" darvozaboni ajoyib tarzda harakat qildi. U bugun menimcha uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi bo'lishiga ham nomzod deb bemalol ayta olaman. Chunki jamoasini bir necha bor muqarrar gollardan saqlab qoldi. Biz harakat qildik, har bitta futbolchi harakat qiladi vaziyatdan foydalanish uchun, mashg'ulotlarda bu borada juda ko'p ishlaymiz. Lekin bu futbol, shunisi bilan qiziq. Agar har bitta zarba gol bilan tugaydigan bo'lsa, unda o'yinlar hisobi yirik hisobda tugashiga to'g'ri keladi.

– May oyida O'zbekiston terma jamoasi yig'ini boshlanadi. "Neftchi"dan ham bir nechta futbolchi chaqiriladi. Shu bilan birga, kubok o'yinlari ham o'tkaziladi. Kubok o'yinlarida qandaydir rotaciyalar qilish niyatingiz bormi yoki natijaga urg'u beriladimi?

– Biz har o'yinda rotaciya qilyapmiz.

– To'g'ri, men nisbatan kamroq o'ynayotgan, yani yoshroq o'yinchilarni nazarda tutgandim.

– Albatta, kubok o'yinlarida yoshlarga imkoniyat beramiz. Asosiy e'tiborimiz yoshlarga qaratilgan. Klub bosqichma-bosqich yoshlarni asta-sekinlik bilan katta futbolga olib kirish uchun juda ko'p ishlarni amalga oshiryapti. Shuning uchun kubok o'yinlarida asta-sekinlik bilan yoshlarga imkoniyat beramiz.

Ўхшаш янгиликлар