Jamoliddin Rahmatullaev: "Penalti o'yinning o'zgarish qismi bo'ldi"

  • Mr.NoBoDy 05.04.2026 23:16
  • 581
  • 30

Proliga 1-turidan o'rin olgan "Aral" - "Respublika FA" (2:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida "Respublika FA" bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Proliga yangi mavsumini hamma sog'inib qolgani o'yinda sezildi. Muxlislar ham sog'ingan ekan, qolaversa jamoalar ham shunga monand o'yin namoyish etishdi. Bugun biz himoyaviy taktikani tanladik va o'z imkoniyatimizni tezkor qarshi hujumlarda sinab ko'rdik.

Himoyaviy o'yinimiz yomon chiqmadi. "Aral" jamoasining kuchli taraflarini bartaraf qila oldik deb o'ylayman. Faqat himoyadan hujumga o'tishda muammolar bor va buning ustida ishlaymiz. 11 metrlik jarima o'yinning o'zgarish qismi bo'ldi. Menimcha, o'sha vaziyatda penaltiga tortadigan qo'pollik bo'lmagandi.

Lekin nima bo'lsa ham vaziyat ortda qoldi. Afsuski, mag'lubiyatga uchradik. O'z oldimizga qo'yilgan maqsad bor. Yoshlarni katta futbol sari rivojlantirishni, raqobatbardosh jamoa shakllantirishni xohlaymiz. Birgina darvozabonni olmasak, boshqa o'yinchilarimiz uchun Proliga debyut bo'ldi. Debyut uchun bu harakatni yaxshi deya olaman. Yigitlar intizomga yaxshi amal qilishdi va ushbu o'yin uchun shogirdlarimga rahmat aytaman.

- O'zbekiston U-17 terma jamoasida o'ynagan Asilbek Alievning hozirgi formasi haqida?

- Asilbekni bundan ham yaxshi holatda ko'rganmiz va bundan ham yaxshi holatga chiqa oladi. U bilan ruhiy tomonlama ish olib boryapmiz. Asilbek bugun yomon o'yin ko'rsatmadi, lekin salohiyati ancha yuqori.

- Yosh iqtidorli futbolchi Emmanuel Emonkpayr umumiy qaydnomada bor, lekin bugungi bahsda ko'rinmadi?

- Bu futbolchimiz O'zbekiston U-16 terma jamoasi safida CAFA musobaqasiga hozirlik ko'ryapti. Ushbu turnir nihoyasiga etganidan so'ng safimizga qaytadi.

- "Aral" jamoasining o'yini haqida...

- Birinchi tur uyda o'ynash oson kechmasligini bilamiz. "Aral"da ham shu narsa sezildi. Biz tanlagan o'yin uslubi raqibga noqulaylik tug'dirdi deb o'ylayman. "Aral"da o'zini to'liq ko'rsatish uchun muammolar paydo bo'ldi. Lekin "Aral" o'z maydonida kuchli jamoa, bu jamoa hatto Superliga vakiliga ham qiyinchilik tug'dira oladi. Bugungi o'yin uchun shogirdlarimga rahmat aytaman. Nasib qilsa biz yana rivojlanamiz.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar