
- O'yin haqida fikringiz?
- Proliga boshlangani bilan barcha ishtirokchilarni va murabbiylarni tabriklayman. O'yinga keladigan bo'lsak, birinchi tur har doim qiyin o'tgan. Bo'lim boshida gol o'tkazib yubordik, keyin vaziyatni tenglashtirdik. Yaypan jamoasi uyda yaxshi harakat qilishini bilardik. Ikki kun oldin raqibni tahlil qilganimizda "Yaypan" qanday futbol namoyish etishini ko'rib chiqqandik. Bugun qiyin g'alabaga erishdik. 60-daqiqadan keyin ham toliqib qolmay o'ynay olishimizni namoyish etdik va g'alaba golini urdik. Bu bilan futbolchilarni tabriklayman va Yaypan jamoasiga keyingi o'yinlarda omad tilayman.
- "Metallurg"da yoshi katta futbolchilar ko'p. Bu holat yoshlarning yetishib chiqishiga xalaqit bermaydimi?
- Jamoamiz oldiga jiddiy maqsad qo'yilgan, biz Superligaga chiqishni xohlaymiz. Tajribali futbolchilarni jalb etishga harakat qildik. 26 yanvardan mavsumga tayyorgarlikni boshladik. Esingizda bo'lsa, uch yil oldin "Neftchi" ham tajribali futbolchilar bilan Proligada chempion bo'lib, Superligaga chiqqandi. Shu bois buni normal holat deb hisoblayman. Ko'z ostimizga olib qo'ygan yana ikki-uch nafar tajribali o'yinchilar bor edi, lekin transfer oynasi yopilib qoldi. Tarkibimizda yoshlar ham bor va ularni keyingi bahslarda maydonga tushiramiz. 25 nafar futbolchimiz bor va jamoada raqobat yaxshi. Keyingi o'yinlarda rotaciya bo'ladi.
- Negadir bugun legionerlar faol ko'rinmadi?
- To'rt nafar xorijlik futbolchini taklif etganmiz. Hozirgi kunda Bubanya bilan Yosis yomon harakat qilmadi, birinchi taymdan keyin Bosnyakni zaxiraga oldik. Chunki to'liq sport formasida emas. Braziliyadan kelgan o'yinchimiz adaptaciya jarayonini boshdan kechiryapti. Aprel oyida oltita o'yinimiz bor, shu o'yinlar orqali legenionerlar o'zini ko'rsatib boradi.
- Muhammadbobir Mo'ydinov hujum chizig'iga olindi. Vaziyatdan kelib chiqib shunday yo'l tutdingizmi?
- Zaxirada futbolchilarimiz etarli. Yarim himoyachilar ham, hujumchilar ham bor. Biz faqat o'yindan kelib chiqib futbolchilar poziciyasini o'zgartirdik. Mo'ydinov qanday futbolchi ekanini bilamiz, uning potencialidan kelib chiqqan holda hujumga o'tkazdik.
- Hakamlar ishidan qoniqdingmi?
- Birinchi bo'limdagi vaziyatda penalti bor edi. O'sha vaziyatni hakamlar ko'rib chiqishini xohlayman. Video yozuvni ko'rdik, penalti bor ekan.
- Qaysi jamoalar Superligaga davogarlik qiladi?
- Bizdan tashqari "Sho'rtan", "Olimpik Mobiuz", "Kattaqo'rg'on" kabi jamoalarda jiddiy vazifa borligini bilamiz. Ular ham bizga o'xshab bosimda. "Yaypan"da bosim yo'q, shuning uchun bemalol o'ynadi. "Metallurg" maqsad sari davom etadi. Proligada oson o'yin bo'lmaydi, har bir bahsda kurash kechadi.