
Madridning "Real" klubi yaqin tarixdagi eng keng ko‘lamli tarkib tozalashini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ayni paytda Lissabonning "Benfika" klubini boshqarayotgan Joze Mourinyo "qirollik klubi" boshqaruviga qaytishga yaqin turibdi. Bu haqda Ispaniyaning nufuzli Marca nashri xabar bermoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, portugaliyalik mutaxassis jamoani o‘z taktik konsepsiyasiga moslashtirish maqsadida 10 nafargacha futbolchini sotib yuborishga tayyor. Yangi loyihada futbolchilarning obro‘si yoki o‘tmishdagi yutuqlari emas, balki intizom va psixologik barqarorlik asosiy mezon etib belgilanadi.
Xabarda aytilishicha, Mourinyoning qaytishi ortidan hech bir yulduzning jamoadagi o‘rni kafolatlanmaydi. Hatto klub yetakchisi Vinisius Junior ham transferga qo‘yilishi mumkin.
Ayni paytda madridliklar safida kelajagi so‘roq ostida turgan futbolchilar ro‘yxati shakllangan:
Vinisius Junior
Eduardo Kamavinga
Ferlan Mendi
Andrey Lunin
Daniel Sebalyos
Gonsalo Garsiya
Shuningdek, Joze Mourinyo yarimhimoyachilar Federiko Valverde va Orelyen Tchuamenining ham jamoadagi kelajagi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilishi kutilmoqda.
Insayderlarning fikricha, bu qadamlar Mourinyoning himoyadagi qat’iy intizom va taktik jihatdan ishonchli futbolchilarga ustunlik berishi bilan bog‘liq. Agar ushbu tayinlov amalga oshsa, "Real Madrid" butunlay boshqacha qiyofadagi, yanada tartibli jamoaga aylanadi.