Timur Kapadze: "Kubokda ham chempionatda ham oxirigacha harakat qilamiz"

  • Mr.NoBoDy 25.05.2026 00:16
  • 778
  • 30

O'zbekiston Kubogi guruh bosqichi 3-turidan o'rin olgan "Navbahor" - "FarDU" (4:1) uchrashuvidan so'ng mezbonlar ustozi Timur Kapadze fikrlarini bildirdi.

- Avvalambor barcha muxlislarimizni g'alaba bilan tabriklayman. "FarDU" ham yaxshi jamoa, Proligada yaxshi o'yinlar ko'rsatyapti, ularni ko'rib chiqqandik. Bugun ham ular yaxshi harakat qilishdi. O'z navbatida biz ham chiroyli o'yin ko'rsatdik, ko'plab vaziyatlarga ega bo'ldik. Eng asosiysi - g'alaba qozondik va keyingi bosqichga chiqdik.

- "FarDU" jamoasi haqida fikringiz qanday?

- Yaxshi jamoa. Bu o'yingacha bo'lgan bir necha uchrashuvlarini ko'rib chiqdik. Undan tashqari ushbu jamoani Farg'ona jamoasi bo'lgani uchun ham kuzatardik. Murabbiyi ham yaxshi, chiroyli o'yin quryapti. O'yinda mantiq bor. Har bir futbolchining nimalarga qodirligini, nimalar qilayotganiga qarab, ish tutmoqda. Muhimi - jamoaning o'yini bor. Natijani bir chekkaga suradigan bo'lsak, murabbiy ham jamoa ham yaxshi.

- "Navbahor" Superligadan ko'ra, O'zbekiston Kubogi uchun ko'proq kuch bera oladimi?

- Har bir jamoada maqsad bor. Biz ham barcha musobaqalarda g'oliblik uchun kurashyapmiz. Kubokda ham chempionatda ham oxirigacha harakat qilamiz.

IMG_20260524_224923.jpg

- Muhammadali G'iyosov hamda Husayn Norchaev jarohatdan qaytishi bilanoq gollar urishdi. Ularga ikkinchi davrada jamoada imkoniyat beriladimi?

- Birinchi davradayoq ularning yo'qligi bilindi deb o'ylayman. Ular jamoaga yanada ko'proq kuch bag'ishlardi va kuchliroq bo'lardi, ayniqsa, hujumda. Chunki ular yaxshi darajadagi futbolchilar. Shuningdek, Zabihillo O'rinboev ham bor. Ayrim o'yinlarda bizda resurslar yetmadi. Shu sababli ularni kutyapmiz. Omon bo'lishsin, jarohat olishsin. Barcha futbolchi jamoaga kuch beradi.

- Katulondi Kati jamoadan ketadimi yoki mavsum oxirigacha qoladimi?

- U bilan muzokaralar olib boryapmiz. O'zi bungacha o'zaro kelishuv ham bor edi, yozda o'ylab ko'rishimizni aytgandik. Chunki u 5-6 oy futbol o'ynamasdan jamoaga kelgandi, qishki yig'inlarga ham kech qo'shilgandi. Qaysidir o'yinlarda uning jamoaga foydasi tegdi, qaysidirlarida o'yini chiqmadi. Agar bizga yoqadigan bo'lsa, jamoada olib qolamiz, aks holda ketkazib yuborish ehtimolimiz ham bor. Bu borada rahbariyat bilan gaplashamiz.

- JCH sababli kichik tanaffus yuzaga keladi. "Navbahor"ning tayyorgarlik rejalari qanday?

- Ilk navbatda terma jamoaga omad tilaymiz. Har birimiz Vatan jamoasiga muxlislik qilamiz. Yorug' yuz bilan kyetib, g'alabalar qozonib, yorug' yuz bilan qaytishlariga ishonaman. Biz ham bu paytda tayyorgarlik ko'ramiz, ungacha kichik tatilga chiqamiz. Keyin esa birinchi davraning so'nggi 4 o'yini va ikkinchi davra uchun tayyorgarlikni davom ettiramiz.

Ўхшаш янгиликлар